Xabar berilganidek, bugun, 12 mart kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o`n uchinchi yalpi majlisi o`tkazildi. Yalpi majlis kun tartibidagi masala – Andijon, Buxoro, Samarqand va Farg`ona viloyatlarida 2020 yil yakuni bo`yicha viloyatlar byudjetlarining, shuningdek, tumanlar va shaharlar byudjetlarining qo`shimcha manbalari hisobidan shakllantirilgan mablag`larning maqsadli va samarali sarflanishini o`rganish natijalari muhokama markazida bo`ldi.
Qayd etilganidek, Oliy Majlis Senati Ishchi guruhi tomonidan Andijon, Buxoro, Samarqand va Farg`ona viloyatlarida 2020 yil yakuni bo`yicha viloyat byudjetlarining, shuningdek tumanlar va shaharlar byudjetlarining qo`shimcha manbalari hisobidan shakllantirilgan mablag`larning maqsadli va samarali sarflanishi o`rganildi. O`rganish va tahlillar mazkur hududlarda mahalliy byudjet daromadlari va xarajatlari ijrosi borasida muayyan ishlar amalga oshirilganligini ko`rsatdi.
Xususan, mahalliy byudjetlarning daromadlar bazasini kengaytirish maqsadida olib borilgan ishlar natijasida 128,6 mlrd. so`m qo`shimcha zaxira aniqlanib, byudjetga 125,6 mlrd. so`m undirilgan.
Mahalliy byudjetlarda jami 1 trln. 193,4 mlrd. so`m byudjetga qo`shimcha manbalar shakllantirilgan. Ular hisobidan 1 trln. 151,9 mlrd. so`mlik xarajatlar amalga oshirilgan.
Shu bilan birga, majlisda o`rganish davomida mahalliy byudjet ijrosini ta`minlashda xato va kamchiliklarga yo`l qo`yilganligi aniqlangani ta`kidlandi.
Byudjet kodeksining 126-moddasi talablariga rioya qilinmagan holda, viloyat, tuman va shaharlar byudjetlarining qo`shimcha manbalari hisobidan tegishli xalq deputatlari mahalliy Kengashlari qarorlari qabul qilinmasdan Buxoro viloyatida 3,5 mlrd. so`m, Farg`ona viloyatida 38,5 mlrd. so`m mablag` sarflangan.
Andijon viloyatida 18,5 mlrd. so`mlik, Farg`ona viloyatida 225,7 mlrd. so`mlik mablag`lar turli tadbirlarga yo`naltirilgandan so`ng tegishli xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining qarorlari qabul qilingan.
Andijon viloyatida 1,3 mlrd. so`m, Buxoro viloyatida 3,2 mlrd. so`m, Samarqand viloyatida 2,5 mlrd. so`m, Farg`ona viloyatida 5,2 mlrd. so`m mablag` tegishli byudjet hisobidan moliyalashtirilishi nazarda tutilmagan tashkilotlarni saqlab turishga yo`naltirilgan.

Bulung`ur va Narpay tumanlarida mablag`lar birinchi navbatda ijtimoiy soha muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga emas, tuman hokimliklari uchun qimmatbaho avtotransport vositalarini xarid qilishga ajratilgan.
Aynan, mazkur tumanlarda 8 ta umumta`lim maktabi, 9 ta maktabgacha ta`lim tashkiloti va 5 ta sog`liqni saqlash muassasasi o`ta ta`mirtalab holatga kelib qolgan.
Bundan tashqari, hududlarda yangi ish o`rinlari tashkil etishni rag`batlantirish maqsadida tuzilgan jamg`armalarga Buxoro viloyatida 3,5 mlrd. so`m ajratilgan bo`lsa, Andijon, Farg`ona va Samarqand viloyatlarida ushbu jamg`armaga umuman mablag` yo`naltirilmagan.
Vaholanki, 2020 yilda ham mazkur viloyatlardagi ishsizlik respublika o`rtacha darajasidan yuqoriligicha saqlanib qolgan.
Qolaversa, “Davlat xaridlari to`g`risida”gi Qonun va qonunosti hujjatlari talablariga rioya etmasdan Andijon viloyatida 1,4 mlrd. so`mlik, Buxoro viloyatida 399,0 mln. so`mlik, Samarqand viloyatida 2,1 mlrd. so`mlik, Farg`ona viloyatida 7,1 mlrd. so`mlik xaridlar tegishli ravishda axborot portaliga e`lonlar joylashtirmasdan, tender, tanlov va auksionsiz to`g`ridan-to`g`ri tuzilgan shartnomalar orqali amalga oshirilgan.
Shuningdek, tumanlar va shaharlar byudjetlaridagi qo`shimcha manbalarning kamida 10 foizini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga yo`naltirish maqsadida “Ochiq byudjet” portalida aholini xabardor qilish va ularning faol ishtirokini ta`minlash bo`yicha etarli ishlar olib borilmagan.
Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.






