Bolalarda ko`p uchraydigan ortopedik xastaliklardan biri maymoqlik hisoblanadi. Ushbu kasallikning belgilari, tashhislash usullari qanday? Uni davolash uchun nima qilish kerak? SSV matbuot xizmatining shu kabi savollariga Sog`liqni saqlash vazirligining Bolalar travmatologiya va ortopediyasi bo`yicha bosh maslahatchisi Abduxalil XUDJANOV javob berdi.
— Maymoqlikning tashhislash usullari qanday?
— Ushbu xastalik diognostikasi murakkab emas. Agar bolada to`g`ma maymoqlik mavjud bo`lsa, tug`ruqxonaning o`zidayoq ilk alomatlarini ilg`ash mumkin. Ya`ni malakali doyalar chaqaloq oyoqlarining tuzilishidan kelib chiqib ortoped ko`rigini tavsiya etishadi.
Tug`ruqxonadan chiqqach, roppa rosa bir oydan so`ng bolani ortoped-shifokorga olib borgan ma`qul. Mutaxassis maymoqlikning turi va darajasini aniqlab, avvaliga davolash gimnastikasi hamda uqalash mashqlarini tavsiya etadi. Shu tariqa bolakayni gips qo`yishga bosqichma-bosqich tayyorlab borish lozim, chunki dabdurustdan gips qo`yish kutilgan natijani bermasligi mumkin.
Maymoqlik uch asosiy belgiga ko`ra tasdiqlanadi: supinasiya — oyoq panjasining o`z o`qi atrofida aylanishi, ekvinus – oyoq panjasining pastga tushishi hamda oyoq oldi qismining ichkariga tomon burilishi.
Mana shu alomatlar birgalikda namoyon bo`lsagina maymoqlik tashhisi qo`yiladi. Oyoqni ichkari tarafga burib qadam tashlash boladagi raxit alomati yoxud tizza, son-chanoq patologiyasidan darak bo`lishi ham mumkin.
— Maymoqlikning qanday shakllari bor?
— Maymoqlikning tug`ma shaklidan tashqari ikkilamchi ko`rinishi ham mavjud. Bu, asosan, nevrologik kasalliklar va jarohatdan keyingi noto`g`ri suyak bitishi asoratidir. Maymoqlik har ikki yoki bir oyoqda bo`lishi mumkin. Shuni yoddan chiqarmaslik kerakki, hatto ikki tomonlama maymoqlikda ham bolakay to`liq sog`ayib ketadi!
Davolash gimnastikasi va uqalash muolajalaridan so`ng oyoq suyagi gips bog`lamini qo`yishga tayyor hisoblanib, asosiy muolaja boshlanadi. Avvaliga gips bog`lami har haftada bir marotaba almashtirib turiladi. Ba`zi bolalarda gips muolajasi bir ikki oy qo`llansa, ayrim bemorlar uchun olti-etti oy kerak bo`ladi.
Bu bolaning organizmi, kasallik darajasi va qolaversa, ota-onaning parvarishi, e`tiboriga bog`liq. Gips bog`lami bosqichma-bosqich yangilab borilayotgan paytda muolajaning birortasini ham kechiktirish, o`tkazib yuborish yaramaydi. Shuning uchun bunday paytda ota-onadan farzandi salomatligiga e`tiborliroq bo`lish talab etiladi.