Termiz shahrida hunarmandchilik galareyasi foydalanishga topshirildi. “Navro`z” umumxalq bayrami arafasida ishga tushirilgan majmuada usto-hunarmandlarning o`z mahsulotlarini keng namoyish etishi va shu erning o`zida sotishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Bu O`zbekiston Milliy axborot agentligi xabar berdi.
Surxondaryo viloyat hunarmand boshqarmasi tomonidan ishga tushirilgan galareyada sohaga qiziqishi bor yoshlarga kasb sirlarini chuqur o`rgatish uchun kashtachilik, gilamchilik kabi o`quv kurslari ham tashkil etilib, ustoz-shogird an`anasi yo`lga qo`yilmoqda.
Mamlakatimizda so`nggi yillarda sohani qo`llab-quvvatlashga qaratilayotgan e`tibor milliy hunarmandchiligimizni yanada rivojlantirib, yangi ish o`rinlari barpo etish va noyob qadriyatlarimizni dunyoga keng tarannum etishda muhim omil bo`lmoqda. Jumladan, bundan to`rt yil muqaddam vohada 320 nafar hunarmand davlat ruyxatidan o`tib, faoliyat yuritgan bo`lsa, joriy yilda ularning safi 4 ming 800 nafarga etdi. Ular tomonidan yigirmaga yaqin noyob mahsulotlar tayyorlanmoqda.
Yangi tashkil etilgan ko`rgazmada rang-barang kashtachilik, gilamdo`zlik, mato, yog`och o`ymakorligi, musiqa asboblari, milliy o`yinchoq kabi yuzga yaqin hunarmandchilik buyumlari o`rin olgan.
Kelgusida ko`rgazmani yanada boyitish va o`quv kurslari sonini ko`paytirish mo`ljallanmoqda.