Samarqandda ayol chuqurga tushib ketdi: qutqaruv ishlari muvaffaqiyatli o`tdi. Hodisa kuni kecha, Samarqand viloyati Samarqand shahrining Gurgli ko`chasida joylashgan uylarning birida sodir bo`lgan. Bir kun oldin uy egasi 4 metrli chuqur qazgan, ammo bu chuqurning og`zini yopish choralarini ko`rmagan. Shu orada bog` tomon yo`l olgan 52 yoshli N.T. ismli uy bekasi chuqurni ko`rmay qolib, unga tushib ketgan.
Hodisaga guvoh bo`lgan fuqarolar zudlik bilan viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining qutqaruv guruhiga qo`ng`iroq qilishgan. Bir necha daqiqa davom etgan qutqaruv jarayonlari natijasida fuqaro chuqurdan olib chiqildi.
Uy bekasining voqea sababli qo`rqib ketganligini hisobga olmaganda, u jiddiy jarohat olmagan va shu sababli tez tibbiy yordam xizmatiga murojaat qilinmagan.