O`zbekistonda asosan qaysi sohalardagi qonunbuzilishlar to`g`risida murojaatlar kelayotgani ma`lum qilindi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmati fevral oyi hisobotini taqdim etdi.
Ma`lum qilinishicha, agentlikka 2021 yil fevral oyi davomida jami 491 ta murojaat kelib tushgan bo`lib, shundan 404 tasi ko`rib chiqilgan. Shuningdek, hozirda 87 ta murojaat ko`rib chiqilmoqda. Bundan tashqari, ushbu murojaatlarining 29 tasi ijobiy echimini topgan, 61 ta murojaat bo`yicha huquqiy maslahat va tushuntirishlar berilgan va 18 ta murojaat anonim deb topilgan.
Xabarda qonunbuzilish holatlari bo`yicha to`rtta taqdimnoma, bitta ogohlantirish, 24 ta so`rovnomalar kiritilgani qayd etilgan. Xususan, bitta murojaat yuzasidan jinoyat ishi qo`zg`atilgan, bir nafar mansabdor shaxsga nisbatan intizomiy jazo chorasi qo`llanilgan, yana bir nafar fuqaroga nisbatan ma`muriy ish ochillgan.
Agentlikka fevral oyida quyidagi soha va yo`nalishlar bo`yicha jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlar kelib tushgan:
- sud qarorlaridan noroziliklar 69 ta (14,1 foiz);
- er maydoni ajratilmayotgani, er nizolari va er maydonlari talon-taroj bo`layotgani bo`yicha 47 ta (9,6 foiz);
- ichki ishlar organlari xodimlarining xatti-harakatlari va qarorlaridan noroziliklar 44 ta (9,0 foiz);
- prokuratura organlari qarorlaridan noroziliklar va prokuratura organlariga qilingan murojaatlar hal bo`lmayotgani bo`yicha 34 ta (6,9 foiz);
- ayrim xo`jalik boshqaruvi organlari rahbarlarining xatti-harakatlaridan noroziliklar masalasida 30 ta (6,1 foiz).
Murojaatlar hududlar kesimida tahlil qilinganda Toshkent shahri bo`yicha 116 ta, Toshkent viloyati bo`yicha 60 ta, Surxondaryo viloyati bo`yicha 57 ta, Samarqand viloyati bo`yicha 53 ta, Qashqadaryo viloyati bo`yicha 41 ta, Xorazm viloyati bo`yicha 33 ta, Namangan viloyati bo`yicha 24 ta, Jizzax viloyati bo`yicha 22 ta, qolgan hududlardan esa jami 85 tadan to`g`ri kelgan.