Bugun, 15 martdan boshlab O`zbekiston Respublikasiga havo, temir yo`l transporti hamda chegara punktlari orqali tashrif buyurayotgan shaxslardan aeroport, temir yo`l vokzali yoxud chegara punkti hududida koronavirus infeksiyasiga antigen ekspress test olish tartibi bekor qilinadi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo`yicha maxsus komissiyaning qaroriga asoslanib, Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
Shu bilan birga, quyidagicha yangi tartib joriy qilinmoqda:
- havo va temir yo`l qatnovlari orqali tashrif buyurayotgan shaxslar O`zbekiston Respublikasiga kelish uchun havo yoki temir yo`l qatnoviga ro`yxatdan o`tishdan oldin so`nggi 72 soatdan ko`p bo`lmagan muddatda koronavirus infeksiyasiga faqat PZR orqali tekshirilib, manfiy ko`rsatkichga ega deb topilgan ma`lumotnomani taqdim etishi talab etiladi;
- avtoyo`l chegara o`tkazish punktlari orqali O`zbekiston Respublikasiga kirib kelayotgan shaxslar tomonidan so`nggi 72 soatdan ko`p bo`lmagan muddatda koronavirus infeksiyasiga PZR orqali tekshirilib, manfiy ko`rsatkichga ega deb topilgan ma`lumotnomani taqdim etilganda yoki PZR natijasi bo`lmagan hollarda chegara o`tkazish punktlarida faoliyat yuritadigan maxsus klinika yoki laboratoriyalarda koronavirus infeksiyasi antigenini ekspress test tekshiruvi orqali manfiy natija qayd etilgan taqdirda O`zbekiston Respublikasi hududiga kiritiladi. Bunda koronavirus infeksiyasiga PZR tekshiruvlari natijalari ingliz yoki rus tillarida bo`lishi talab etiladi.
2021 yilning 25 martdan boshlab xorijiy mamlakatlardan O`zbekiston Respublikasiga tashrif buyuruvchilardan faqat sifat ko`rsatkichi talab darajasida bo`lgan laboratoriyalarning koronavirus infeksiyasiga PZR tekshiruvlari ma`lumotnomalari bilan havo yoki temir yo`l qatnoviga ro`yxatdan o`tkaziladi yoxud avtoyo`l chegara o`tkazish punktlari orqali O`zbekiston Respublikasiga koronavirus infeksiyasi antigenini ekspress test tekshiruvi o`tkazmasdan kiritiladi.
Mutasaddi tashkilotlar tomonidan chet elda sifatli hamda ishonchli koronavirus infeksiyasiga PZR tekshiruvlarini o`tkazuvchi laboratoriyalar – yaʼni O`zbekiston Respublikasida tan olinadigan laboratoriyalar ro`yxati (har bir mamlakat kesimida kamida 10 tadan) shakllantiriladi va e`lon qilinadi.