AsosiyJinoyat

Qariyb 9 mlrd so`mlik “parfyumeriya” operasiyasiga chek qo`yildi

'Qariyb 9 mlrd so`mlik “parfyumeriya” operasiyasiga chek qo`yildi'ning rasmi

Bojxona organlari tomonidan yirik miqdordagi parfyumeriya mahsulotlarini yuk hujjatlarida ko`rsatmagan holda mamlakatimizga olib kirishga bo`lgan urinishlarga chek qo`yildi. 

Jumladan, Davlat bojxona qo`mitasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bosh boshqarmasi, Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo`limi xodimlari tomonidan, “Chuqursoy texnik idorasi” hamda “Chuqursoy” bojxona posti xodimlari bilan hamkorlikda xorijdan Namangan viloyatida faoliyat olib boruvchi jamiyatlardan birining nomiga keltirilgan 4 ta yuk konteynerlari tegishli tartibda bojxona ko`rigidan o`tkazildi.

Natijada, yuk-kuzatuv hujjatlarida ko`rsatilmagan va ko`rsatilganidan ortiqcha bo`lgan qiymati 7 mlrd 764 mln.so`mlik 883 ming 105 dona parfyumeriya tovarlari borligi aniqlandi.

Yana bir shunga o`xshash holatda esa Namangan viloyatida faoliyat olib boruvchi jamiyat nomiga keltirilgan yuk konteyneri ko`zdan kechirilganda, konteynerlarda yuk-kuzatuv hujjatlarida qayd etilmagan hamda qayd etilganidan ortiqcha bo`lgan umumiy qiymati 1 mlrd  123 mln.so`mlik 744 ming 546 dona “Parfyumeriya” tovarlari borligi aniqlandi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar