17 mart kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Qozog`iston Respublikasi Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboevning telefon orqali muloqoti bo`lib o`tdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.
Suhbat avvalida ikki mamlakat etakchilari bahoriy Navro`z ayyomi munosabati bilan bir-birini samimiy qutlab, qardosh xalqlarimizga tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladilar.
O`zbekiston va Qozog`iston o`rtasidagi ko`p asrlik do`stlik, yaxshi qo`shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko`rib chiqildi.
Ko`p qirrali hamkorlikni kengaytirish, savdo sohasidagi qo`shma loyihalarni ilgari surish, sanoat kooperasiyasini kuchaytirish va transport infratuzilmasini rivojlantirish, hududlararo aloqalar va gumanitar almashinuvlarni faollashtirishga alohida e`tibor qaratildi.
Turkiy kengashning bo`lajak sammitiga tayyorgarlik ko`rish masalalari ham muhokama qilindi.
Muloqot har doimgidek ochiq, samimiy va do`stona ruhda o`tdi.






