2021 yilning 14 mart kuni soat 16:08 larda 45 yoshli Bahodir U., va 51 yoshli Rovshan Q.,lar Olmazor tumanida joylashgan jamoat joyi hisoblangan “Akfa Medline” shifoxona qo`riqchisi 27 yoshli A`zam A., o`zining xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtida, unga qarshilik ko`rsatib hech bir sababsiz haqorat qilib, urib tan jarohati etkazishgan. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar qildi.
Mazkur holat yuzasidan Olmazor tumani bo`yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo`linmasi tomonidan Bahodir U., va Rovshan Q.,larga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “g” bandi (Bezorilik) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, prosessual tartibda ushlanganlar.
Olib borilgan tergov harakatlari davomida, Bahodir U., mazkur shifoxonada davolanayotganligi, Rovshan Q., uni ko`rish maqsadida kelib, shifoxona ichki tartib qoidalariga ko`ra mumkin bo`lmasada, bemor xonasiga kirishini talab qilib, qo`riqchiga qarshilik ko`rsatib bemor xonasiga kirib, oradan bir soatdan so`ng Bahodir U., va Rovshan Q., lar tashqariga chiqib, qo`riqchiga “qo`lingdan nima keldi” deb mazax qilganliklari tufayli, ushbu janjal kelib chiqqanligi aniqlandi.
Hurmatli fuqarolar korxona, muassasa, tashkilot va idoralarga tashrif buyurganingizda ichki tartib qoidalariga rioya qilishingizni, o`z xizmat vazifalarini bajarayotgan xodimlarga nisbatan qarshilik ko`rsatmasdan, ularning qonuniy talablarini bajarishingiz so`raladi.
Ta`kidlash joizki, bu turdagi jinoyatlar uchun Jinoyat kodeksining normalariga ko`ra, 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi.






