COVID-19 koronavirus pandemiyasi davrida Rossiya davlatida qolib ketgan yurtdoshlarimizni mamlakatimizga olib kelish maqsadida “O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan navbatdagi maxsus poezdlar qatnovi yo`lga qo`yilmoqda. Bu haqda «O`ztemiryo`lyo`lovchi» AJ Axborot xizmati xabar berdi.
Jumladan, Voljskiy – Toshkent yo`nalishida harakatlanadigan 483-sonli poezd 19 mart kuni Moskva vaqti bilan soat 20:50da «Voljskiy» stansiyasidan, shuningdek, 22 mart kuni Moskva – Toshkent yo`nalishida harakatlanadigan 476-sonli maxsus poezd 22 mart kuni Moskva vaqti bilan soat 22:28da «Kazanskiy» temir yo`l vokzalidan jo`naydi.
Yo`lovchilarga chipta xarid qilishda qulaylik yaratish maqsadida elektron chiptalarni sotish yo`lga qo`yilgan. Voljskiy hamda Moskvadagi fuqarolarimizning yaqinlari O`zbekistonda turib “O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyatining https://e-ticket.railway.uz veb-sayti orqali chiptalarni elektron tarzda xarid qilib, internet orqali ayni daqiqada Moskva hamda Voljskiydagi hamyurtlarimizga jo`natishlari ham mumkin.
IZOH: Qo`shimcha ma`lumotni Toshkent shahridagi 1005 qisqa telefon raqami, joylardagi temir yo`l kassalari hamda ma`lumotlar byurosidan bilib olish mumkin.






