“Savdo, ishlab chiqarish va xizmat ko`rsatish ob`ektlariga nom berishni takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda huquqiy axborot kanali ma`lum qildi.
Qarorga ko`ra, Toshkent davlat o`zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o`qitish va malaka oshirish markazi hamda uning hududiy bo`linmalari tomonidan savdo, ishlab chiqarish va xizmat ko`rsatish ob`ektlariga davlat tilida nom berish (neyming) xizmati ko`rsatiladi.
Markaz va uning hududiy bo`linmalariga bu bo`yicha quyidagi qo`shimcha vazifalar yuklandi:
● davlat tili qoida va me`yorlariga muvofiq keladigan, milliy qadriyatlarga mos hamda ob`ektlarga qo`yish tavsiya etiladigan nomlar zaxirasini onlayn rejimida shakllantirish hamda uni doimiy yangilab borish;
● tashqi yozuv, peshlavha, reklama va e`lonlar matnini tayyorlash, shuningdek, ularning davlat tili qoida va me`yorlariga muvofiqligi, nomlarning bir xil yoki o`xshashlik darajasi yuzasidan lingvistik ekspertiza o`tkazish;
● ob`ektlar uchun davlat tilida nomlar yaratish va tanlash bo`yicha shartnoma asosida xizmatlar ko`rsatish.
Ob`ektlarga nom berish “Davlat tili haqida”, “Firma nomlari to`g`risida” va “Tovar belgilari, xizmat ko`rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to`g`risida”gi qonunlar talablariga rioya etilgan holda amalga oshiriladi.






