AsosiyJamiyat

O`zbekistonda ommaviy tadbirlarni o`tkazish qoidalari ma`lum qilindi

'O`zbekistonda ommaviy tadbirlarni o`tkazish qoidalari ma`lum qilindi'ning rasmi

 O`zbekistonda ommaviy tadbirlarni o`tkazish qoidalari e`lon qilindi. Bu borada e`lon qilingan  Vazirlar Mahkamasining «Ommaviy tadbirlarni tashkil etish va o`tkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi qarori loyihasida belgilab qo`yildi.

Qayd etilishicha, qaror bilan ommaviy tadbirlarni tashkil etish va o`tkazish tartibini yanada takomillashtirish, ularni o`tkazishda fuqarolar xavfsizligi va jamoat tartibini saqlash chora-tadbirlarini kuchaytirish maqsad qilingan. Qaror loyihasida Ichki ishlar vazirligi ommaviy tadbirlarni tashkil etish va uni o`tkazish vaqtida jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini ta`minlashda vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirishi hamda Milliy gvardiya birinchi toifadagi ommaviy tadbirlarni tashkil etish va o`tkazish davomida jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini ta`minlashi belgilangan.

Shuningdek, qoidalar O`zbekiston hududida ommaviy tadbirlar tashkil qilish va o`tkazish tartibini belgilaydi hamda ular ishtirokchilari, ommaviy tadbirlarni o`tkazish ob`ektlari ma`muriyatlari, ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya bo`linmalari, shuningdek, boshqa davlat organlarining ommaviy tadbirlar o`tkazishda fuqarolar xavfsizligini va jamoat tartibini ta`minlash bo`yicha o`zaro munosabatlari, majburiyatlari va huquqlarini tartibga soladi.

Qoidalarning amal qilishi yig`ilishlar, namoyishlar, ko`cha yurishlari va namoyishlarini, shuningdek to`y, oilaviy, yubiley, vafot etganlar xotirasiga bag`ishlangan oilaviy aza marosimlari va tadbirlarni o`tkazishga tatbiq etilmaydi. Ommaviy tadbirlar birinchi va ikkinchi toifadagi ommaviy tadbirlarni o`tkazish ob`ektlari ro`yxatiga kiritilgan ob`ektlarda o`tkazilishi mumkin.

Ta`kidlanishicha, birinchi toifadagi ommaviy tadbirlarni o`tkazish ob`ektlari ro`yxati Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari takliflari bo`yicha Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. Bundan tashqari, ikkinchi toifadagi ommaviy tadbirlarni o`tkazish ob`ektlari ro`yxatlari tumanlar (shaharlar) hokimliklari takliflari bo`yicha Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan tasdiqlanadi.

Ayrim ommaviy tadbirlar O`zbekiston Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari qarorlari asosida, birinchi va ikkinchi toifadagi ommaviy tadbirlarni o`tkazish ob`ektlari ro`yxatlariga kiritilmagan joylarda o`tkazilishi mumkin. Ommaviy tadbirni o`tkazish uchun ruxsatnoma asosida, ommaviy tadbir dasturiga muvofiq ommaviy tadbir tashkilotchisi tomonidan o`tkaziladi.

Ko`chma sirklar (shapito, dorbozlar guruhlari) tomonidan o`tkaziladigan tomosha tadbirlariga ommaviy tadbir o`tkazish uchun ruxsatnoma va ruxsat berish xususiyatiga ega boshqa hujjatlarni olish talab etilmaydi, bunda tadbir tashkilotchilari uni o`tkazish joyi va vaqti to`g`risida ichki ishlar organlarini kamida 10 kun oldin yozma ravishda xabardor qiladi.

Qarorda yozilishicha, davlat organlari va tashkilotlari tizimidagi madaniyat va istirohat bog`lari, sport inshootlari, sayilgohlar va boshqa ochiq hududlarda ko`chma sirklar (shapito, dorbozlar guruhlari) tomonidan tomosha tadbirlari o`tkazish uchun ijara to`lovi va boshqa turdagi to`lovlar undirilmaydi.

Xalqaro va umumdavlat ahamiyatiga ega bo`lgan ommaviy tadbirlarni o`tkazish uchun ruxsatnomalar Vazirlar Mahkamasi bilan kelishuv bo`yicha Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan beriladi.

O`zbekiston hududida «Navro`z», «Mustaqillik» va «Yangi yil» umumxalq bayramlarini o`tkazish bo`yicha prezident, Vazirlar Mahkamasi qarorlariga muvofiq tashkil qilinadigan ommaviy tadbirlar Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari qarorlari asosida o`tkaziladi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar