AstraZeneca shved-ingliz kompaniyasining koronavirusga qarshi vaksinasi AQSh, Peru va Chilida o`tkazilgan klinik sinovlarda COVID-19’ning og`ir shaklidan himoya qilish bo`yicha 100 foiz, kasallik simptomlariga qarshi 79 foiz samaradorlik ko`rsatdi. Bu haqda AstraZeneca va Oksford universiteti vakillari ma`lum qildi, deb yozgan «Interfaks».
Xabarga ko`ra, klinik sinovlarda 32 400 kishi ishtirok etgan.
Kompaniyaning qo`shimcha qilishicha, mustaqil ekspertlar guruhi «emlash bilan bog`liq xavotirlar uchun hech qanday sabab topmagan», shu jumladan, «tromboz yoki trombotik hodisalar xavfining ortishi holatlari kuzatilmagan».
Eslatib o`tamiz, AstraZeneca vaksinasi bilan emlanganlarning qonida tromb paydo bo`lgani haqidagi xabarlardan so`ng bir qator mamlakatlar preparatdan foydalanishni to`xtatib qo`ygandi. Holat bo`yicha tekshiruv o`tkazgan Evropa dori-darmon agentligi (EMA) AstraZeneca vaksinasini xavfsiz deb topdi. Regulyatorning fikricha, vaksinaning afzalliklari uning nojo`ya ta`siridan ko`proq, preparat qonda tromb paydo bo`lish xavfini oshirmaydi.
Shundan so`ng Evropa mamlakatlari AstraZeneca bilan emlashni qayta boshladi.






