Bugun O`zbekistonning Janubiy Koreyadagi elchixonasi xodimlari «KORU Pharmaceuticals Co., Ltd.» kompaniyasi bosh ijrochi direktori Roman Vernidub bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
2014 yilda Seulda tashkil etilgan «KORU Pharmaceuticals Co., Ltd.» tibbiy-estetik va kosmetik vositalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Kompaniyaning AQSh va Ispaniya tadqiqot kompaniyalari bilan yaqin hamkorlik qiluvchi o`z ilmiy-tadqiqot markazi mavjud. Ayni paytda kompaniya 200 ga yaqin turdagi mahsulotni 80 dan ortiq mamlakat, shu jumladan, O`zbekistonga eksport qiladi.
Muzokaralar davomida Roman Vernidub «KORU Pharmaceuticals Co., Ltd.» MDH davlatlarining Seul shahridagi elchixonalariga Janubiy Koreyaning «CALTH» kompaniyasi tomonidan COVID-19ni aniqlash bo`yicha ekspress-testlarni taqdim etish orqali insonparvarlik aksiyasini o`tkazayotganini bildirgan. Bundan ko`zlangan maqsad koronavirus pandemiyasi paytida diplomatik vakolatxonalar faoliyatini qo`llab-quvvatlashga qaratilgan.
«KORU Pharmaceuticals Co., Ltd.» rahbari COVID-19ni aniqlash uchun 500 ta ekspress-test to`plamini O`zbekiston elchixonasiga taqdim etdi. Shuningdek, u diplomatik missiyaning ushbu gumanitar yordamni Qoraqalpog`istonga yuborish haqidagi taklifini qo`llab-quvvatladi. Kompaniya bundan keyin ham respublika hududlarini faol qo`llab-quvvatlashni davom ettirishi ma`lum qilingan.
Insonparvarlik ko`magi «Uzbekistan Airways»ning navbatdagi reysi bilan O`zbekistonga yuboriladi, deyiladi xabarda.






