AsosiySiyosat

Transport vaziri “Hukumat soati”ga nega chaqirildi?

'Transport vaziri “Hukumat soati”ga nega chaqirildi?'ning rasmi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashining kengaytirilgan yig`ilishi bo`lib o`tdi. Unda Qonunchilik palatasi faoliyatiga oid bir qator muhim masalalar ko`rib chiqildi — jami 8 ta masala muhokama qilindi.  

Chunonchi, navbatdagi yalpi majlisda ko`rib chiqiladigan masalalar yuzasidan takliflar eshitildi va tasdiqlandi. Shuningdek, parlamentning xalqaro hamkorlik doirasidagi faoliyati yuzasidan axborot berildi. Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo`llab-quvvatlash jamoat fondi mablag`larini boshqarish bo`yicha Parlament komissiyasi tomonidan 2020 yilda amalga oshirilgan ishlar to`g`risidagi hisobot eshitildi.  

Ma`lumki, bugungi kunda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Parlament nazoratini samarali amalga oshirish, ayniqsa, joylarda aholi tomonidan ko`tarilayotgan masalalarni mutasaddi rahbarlar oldiga qo`yishda «Hukumat soati» institutidan keng foydalanib kelinmoqda.

Kengash raisi Nurdinjon Ismoilov navbatdagi “Hukumat soati”ga hukumat a`zolaridan kimni chaqirish, muhokama mavzusi yuzasidan takliflar so`radi.  

Faqat bitta taklif bildirildi. “Milliy tiklanish” partiyasi fraksiyasi raisi Alisher Qodirov ayni paytda jamoatchilik e`tiborida bo`lib turgan dolzarb mavzu – yo`lsozlik  ekanini ta`kidladi va Transport vazirini “Hukumat soati”ga chaqirish, bu tashkilot mutasaddilari ayrim masalalarda aholiga  izohlar berishi lozimligini ta`kidladi.  

Taklif ma`qullandi. Ammo, faqat bitta fraksiya rahbarininggina taklif bildirgani, muqobil variant bo`lmagani Spiker tomonidan keskin tanqid qilindi.  

Spiker Nurdinjon Ismoilov kengashning barcha a`zolarida bunday muhim masalalarda alohida tashabbus va faollik bo`lishi lozimligini ta`kidlab, navbatdagi muhokamalarda har bir fraksiya vakillarini asoslantirilgan takliflar bilan ishtirok etishga chaqirdi.

    Boshqa yangiliklar