AsosiySport

Qilichboz Malika Hakimova Tokio-2020 yozgi Olimpiya o`yinlariga to`g`ridan-to`g`ri lisenziyani qo`lga kiritdi

'Qilichboz Malika Hakimova Tokio-2020 yozgi Olimpiya o`yinlariga to`g`ridan-to`g`ri lisenziyani qo`lga kiritdi'ning rasmi

Yaponiyaning Tokio shahrida joriy yilning yozida bo`lib o`tadigan Olimpiya o`yinlariga qilichbozlik bo`yicha O`zbekiston milliy terma jamoasida uzoq kutilgan birinchi lisenziya qo`lga kiritildi, deb xabar beradi O`zbekiston qilichbozlik federasiyasi Matbuot xizmati.

Tokio-2020 Olimpiya o`yinlariga tayyorgarlik dasturiga muvofiq O`zbekiston terma jamoasi a`zosi, navoiylik Malika Hakimova Jahon kubogi hamda Osiyo kubogida muntazam ravishda ishtirok etib, jahon chempionati saralash musobaqasi yakuniy natijalariga ko`ra Xalqaro qilichbozlik federasiyasi — FIE qaroriga binoan to`g`ridan-to`g`ri lisenziya olish imkoniyatiga ega bo`ldi.

Ta`kidlash lozim, Malika Hakimova 2021 yil 21-24 mart kunlari Qozon (Rossiya) shahrida bo`lib o`tgan yakuniy saralash chempionatida qilichbozlikning shpaga turida ishtirok etib, o`z shaxsiy hisobiga qimmatli ochkolar yig`ishga erishdi. Natijada, Tokiodagi Olimpiya o`yinlariga to`g`ridan-to`g`ri lisenziya qo`lga kiritish uchun FIE tomonidan ruxsat etilgan jahon reytingidagi ballar yig`indisi unga etarli bo`ldi.

Quvonarli jihati, ayollar o`rtasida Olimpiya o`yinlariga to`g`ridan-to`g`ri qo`lga kiritilgan qilichbozlarimizning ushbu birinchi lisenziyasi qilichbozlik bo`yicha O`zbekiston tarixida ilk bor qayd etildi.

Malika Hakimova Navoiy shahridagi «So`g`diyona» sport kompleksida 10 yoshidan qilichbozlik bilan shug`ullana boshlagan. Uning birinchi va hozirgi murabbiyi Kudaev Ruslan. 2012 yilda Malika Respublika Olimpiya zaxiralari kollejiga o`qishga qabul qilindi.

2013 yilda M.Hakimova kadetlar o`rtasidagi Osiyo chempionati shaxsiy bahslarida birinchi oltin medalini, 2015 yilda o`smirlar o`rtasidagi Osiyo chempionatida ikkinchi oltin medalini qo`lga kiritdi. Shuningdek, u Qozog`istondagi xalqaro musobaqalarda ham oltin medal sohibi bo`lgan.

2019 yilda xalqaro «Satellit» va I-Markaziy Osiyo chempionatida 1-o`rinni egallagan.

Ayni paytda Malika Hakimova Tokio Olimpiya o`yinlari lisenziyasini to`g`ridan-to`g`ri qo`lga kiritish uchun dunyo reytingida belgilangan miqdordagi ochkolarni yig`ishga erishdi.

Biz Malikani, shuningdek, O`zbekiston qilichbozlik terma jamoasi va barcha qilichbozlik sporti muxlislarini Tokio-2020 uchun qo`lga kiritilgan birinchi lisenziya bilan tabriklaymiz.

    Boshqa yangiliklar