AsosiySport

O`zbekiston sambo bo`yicha 2021-yilgi Jahon chempionatiga mezbonlik qiladi

'O`zbekiston sambo bo`yicha 2021-yilgi Jahon chempionatiga mezbonlik qiladi'ning rasmi

Sambo bo`yicha 2021 yilgi jahon chempionati Toshkentda o`tkaziladi. Bu haqida O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi xabar bermoqda.

Xabarda aytilishicha,  Sambochilar uchun yilning eng muhim musobaqasi hisoblanadigan jahon chempionati O`zbekiston poytaxtida 12-14 noyabr kunlari o`tkaziladi.

Avvalroq, ushbu jahon chempionati mezboni sifatida Moskva shahri e`lon qilingandi. Biroq, Sport arbitraj sudi (CAS) qarori bilan Rossiya ikki yil davomida jahon chempionatlari va Olimpiya o`yinlarini o`tkazish uchun da`vogarlik qila olmaydi. Shu sababli, Xalqaro sambo federasiyasi va Rossiya sambo federasiyasi ushbu musobaqani boshqa mamlakatda o`tkazish qaroriga kelishdi.

“Biz jahon chempionatini o`tkazish uchun O`zbekiston sambo assosiasiyasidan taklif oldik. Toshkentda 2025 yilgi yoshlar Osiyo o`yinlari bo`lib o`tishini yodda tutgan holda, ushbu musobaqani O`zbekistonda tashkil qilishni maqsadga muvofiq deb hisoblayman”, – dedi Xalqaro sambo federasiyasi prezidenti Vasiliy Shestakov.

Osiyo sambo uyushmasi prezidenti Alamjon Mullaev esa sambo bo`yicha jahon chempionati Toshkent uchun yoshlar Osiyo o`yinlariga o`ziga xos sinov vazifasini bajarishini ta`kidlab o`tdi.

2025 yilda O`zbekistonda ilk marotaba yoshlar o`rtasida Osiyo o`yinlari o`tkaziladi. Shu sababli, ushbu musobaqada Osiyo Olimpiya Kengashi vakillari ham qatnashishadi. Musobaqa yoshlar Osiyo o`yinlari uchun test turnir vazifasini bajaradi.

Osiyo sambo uyushmasi rahbari, shuningdek, jahon chempionatining tashkiliy qo`mitasi musobaqa qatnashchilariga viza bilan bog`liq masalalarda ham yordam ko`rsatilishini aytib o`tdi.

“Pandemiya bilan bog`liq yuzaga kelgan qiyin vaziyat sabab, O`zbekistonda elchixonasi yo`q mamlakatlarga viza bilan bog`liq ko`mak beriladi. Ular aeroportning o`zidayoq viza olishlari mumkin bo`ladi. Elchixonasi bor mamlakatlar uchun esa viza berish jarayoni tezlashtiriladi. Bu musobaqa qatnashchilarining soni yana-da oshishiga xizmat qiladi”, – dedi Alamjon Mullaev.

Shu tariqa, Toshkent shahri bu yil sambo bo`yicha ikki yirik musobaqaga mezbonlik qiladi: birinchisi iyun oyida Osiyo chempionati bo`lsa, ikkinchisi noyabr oyida jahon chempionatidir. 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar