Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan M.Bozorovga tan jarohati etkazilganligi holati yuzasidan IIBB rasmiy ma`lumot berdi.
28 mart kuni taxminan soat 22:45 larda Mirobod tumani Afrosiyob ko`chasi 21-uy oldida 3 nafar noma`lum shaxslar 1991 y.t. Bozorov Miraziz Mirzajon o`g`lini urib tan jarohatlari etkazgan va voqea joyidan noma`lum tarafga yashiringan. Olgan tan jarohatlari bilan M.Bozorov shifoxonaga yotqizilgan.
Tibbiyot muassasasidan olingan ma`lumotga ko`ra, ushbu fuqaroda bosh miya ochiq va yopiq jarohatlari, o`ng qosh sohasi yirtilgan jarohati, ko`krak qafasi va qorin sohasi yumshoq to`qimalari lat eyishi, o`ng oyoq boldir suyagi ochiq sinishi jarohatlari qayd etilgan.
Mazkur holat yuzasidan Mirobod tumani IIO FMB Tergov bo`limi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 105-moddasi 2-qismi “i” bandi (“Qasddan badanga o`rtacha og`ir shikast etkazish”) alomatlari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
Hozirda M.Bozorovga nisbatan tan jarohatlari etkazgan noma`lum shaxslarni aniqlash maqsadida tergov-tezkor guruhi tuzilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.