Prezident Shavkat Mirziyoev raisligidagi sog`liqni saqlash tizimini tubdan isloh qilish bo`yicha videoselektor yig`ilishida koronavirusga qarshi kurashish bo`yicha hududiy shtablar faoliyati kuchaytirilishi ma`lum qilindi.
“...300-400 mehmonlar bilan to`ylar o`tkazilyapti. Koronavirusga qarshi kurash shtablarini ishini yana qayta tashkil qilishimiz shart. Hammasini boshidan boshlab, oraliq masofa, niqob taqish, antiseptikadan foydalanish kabi tadbirlarning ahamiyati qanchalik muhimligini aholiga tushuntirish ishlarini kuchaytirish kerak ", - dedi davlat rahbari.
Ma`lum qilinishicha, joriy yil boshida kuniga o`rtacha 30-40 nafar bemor aniqlangan bo`lsa, mart oyi o`rtalaridan bu ko`rsatkich — 160-180 nafarni tashkil etmoqda. Kasallikning o`ta og`ir kechishi, hattoki o`lim holatlari ham qayd etilmoqda.
"Buning sababi — ko`pchilik fuqarolar xotirjamlikka berilib, tibbiy niqob taqish, ijtimoiy masofa saqlash, antiseptik vositalardan foydalanish kabi karantin talablariga befarq bo`lib qoldi.
Bosh vazir Aripov viloyat hokimlari bilan birga, uch kun muddatda koronavirusga qarshi kurashish bo`yicha hududiy shtablar faoliyatini kuchaytirsin», dedi prezient.