Jizzaxda 2001 yilda maktab o`quvchisini pichoq bilan qo`rqitib, zo`rlagan shaxs o`g`irlik ustida qo`lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, Paxtakor tumanida 2021 yil 23 fevral kuni noma`lum shaxs Chamanzor qishloq fuqarolar yig`inida yashovchi Sh.E.ning uyida hech kim yo`qligi va xonadon derazasi ochiqligidan foydalanib, o`g`irlikka tushgan. Aniqlanishicha, u soat 19:00 dan 21:00 gacha bo`lgan vaqt oralig`ida uyga kirib, yotoqxonadagi seyfning qulfini buzgan va 8 million so`m pulni olib ketgan.
Qayd etilishicha, olib borilgan tezkor qidiruvda ushbu jinoyat jabrlanuvchining mahalladoshi M.B. tomonidan sodir etilgani ma`lum bo`lgan. Shundan so`ng undan 351 ming so`m pul mablag`i hujjatlashtirib olingan.
Shuningdek, tergovga qadar surishtiruv davomida ayblanuvchining yana bir jinoyati aniqlangan. Keltirilishicha, M.B. 2001 yilning 1 oktyabrida hududdagi uylardan birining yotoqxonasiga kirgan va pichoq bilan qo`rqitib, maktab yoshidagi qizni zo`rlagan. Jinoyatini yashirish maqsadida qizning kiyim-kechagini o`zining yashash joyidagi hojatxonaga tashlab yuborgan. Bundan tashqari, u bu haqda birovga aytsa, qizni o`ldirish bilan tahdid qilgan. Hozirda mazkur holat bo`yicha ham jinoyat ishi qo`zg`atilgan.






