1

Qaynonasi va rafiqasini pichoqlagan yigitga hukm o`qildi

Jinoyat 05.04.2021, 12:54
Qaynonasi va rafiqasini pichoqlagan yigitga hukm o`qildi

Cudlanuvchi Ixtiyor Sobirov (ism-familiyalar o`zgartirilgan) turmush o`rtog`i Xolida Murodova uni tashlab ketib, farzandini bermagani, qaynonasi Sanobar Murodova esa qo`pol munosabatda bo`lgani sababli, o`ch olish maqsadida  ularni shafqatsizlarcha pichoqlaydi. Oqibatda olgan tan jarohati tufayli har ikki ayol olamdan o`tadi...

“Rafiqamning xulqi yomon edi...”

Sudlanuvchi Ixtiyor Sobirov sud majlisida aybiga qisman iqror bo`lib, quyidagicha ko`rsatma berdi:

– Turmush o`rtog`im Xolida Murodova bilan 2014 yilda tanishib, uni yaxshi ko`rib qolganman. O`shanda u xolasining uyida yashardi. Oilasidagilar bilan munosabati yaxshi bo`lmagani uchun turli joylarda yashab yurardi. Odamlar uni xulqi yomon qiz, deb ta`riflashlariga qaramay, yoqtirib qolganim uchun uylanmoqchi bo`ldim. Ammo onam bizning turmush qurishimizga qarshilik qildi. Biz esa shar`iy nikoh o`qitib, yashirincha yashab yurdik. 2018 yil fevral oyida Xolidaning homiladorligi ma`lum bo`ldi. Bu haqda onamga aytdim, u “homilador ayol uysiz sarson bo`lmasin”, deb to`y qilishga rozi bo`ldi. 2018 yil 8 may kuni to`y bo`ldi, 2018 yilning 24 oktyabr kuni qizim Husnora dunyoga keldi. Avvaliga yaxshi yashadik, ammo keyinchalik Xolidaning onasi turmushimizga aralasha boshlagach, er-xotin tez-tez urushib qoladigan bo`ldik. Xotinim singlim va onamni hurmat qilmay qo`ydi. Oxirgi paytlarda hech kimdan so`ramay, qizimni ko`tarib ketib qoladigan odat chiqardi. Oxirgi marotaba ketib qolganida orqasidan borsam qizimning rangi-ro`yi bir ahvolda ekan. Uyga kelib, bu haqda onamga aytgandim, u xolam bilan borib, rafiqam va qizimni olib kelishini aytdi. Onamga bormang, deganimga qaramay, uydan chiqib ketdi. Oradan 5-10 daqiqa o`tgach, ko`chadan onam bilan qaynonamning baqirgan ovozi eshitildi. Jahl bilan oshxona pichog`ini olib, ko`chaga chiqdim. Ko`chada qaynonam bilan onam gaplashayotgan,5-6 metr uzoqlikda rafiqam qizimni ko`targancha ketayotgan ekan. Uning orqasidan etib olib, bir necha marotaba pichoq urdim. Buni ko`rib, qaynonam yugurib kelib, menga tashlandi. U meni xaqorat qilgani alam qilib, unga ham bir necha marotaba pichoq urdim. Onam meni to`xtatish maqsadida oyog`imdan mahkam ushlab oldi. Jahl ustida necha marotaba pichoq urganim esimda yo`q. Keyin o`zimni ixtiyoriy ravishda ichki ishlar xodimlariga topshirdim. Hozirda qilmishimdan pushaymonman...

“Hammasiga onasiga aybdor...”

Sud majlisida roziligi asosida guvoh tariqasida so`roq qilingan Dilobar Sobirova quyidagilarni ma`lum qildi:

– Sudlanuvchi Ixtiyor Sobirov o`g`lim bo`ladi. U Xolida Murodovani sevib qolib uylanmoqchi bo`lganida haqiqatan ham qarshilik qilganman, chunki hech kimdan u haqda yaxshi gap eshitmadim.Ammo o`g`lim “Xolidaning hech kimi, yashash joyi yo`qligini, uni nikohiga olsa savob bo`lishini aytib, oyoq tirab turib oldi. Keyinchalik uning homiladorligini eshitib, to`yga rozi bo`ldim. Quda tarafdan hech kim to`yga kelmadi.To onasi paydo bo`lguncha hammasi yaxshi edi. U kelgandan keyin gap-so`z ko`paydi. Hammasiga onasi aybdor...

“Kuyov tuhmat qilyapti...”

Sud majlisida so`roq qilingan jabrlanuvchining qonuniy vakili X.Xudoyberdieva quyidagilarni bayon qildi:

– Marhumalarning biri qizim, ikkinchisi nabiram bo`ladi. Kuyov tuhmat qilyapti. Nabiramning xulqi yomon bo`lmagan, qizim ham u aytgan darajada urushqoq ayol emasdi, hammasi tuhmat. Bu sovuq xabarni eshitib, qizimning uyiga kelganimda, ular olamdan o`tgandi. Ixtiyor Sobirov qizim va nabiramni qasddan o`ldirgani uchun unga eng og`ir jazo berilishini so`rayman.

Jinoyatchiga jazo tayinlandi

Sobirov Ixtiyor JKning 97-moddasi 2-qismi “a, j” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli, deb topilib, unga nisbatan 21 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Elbekjon Turg`unboev, Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo`yicha sudyasi, 

Lola Shoimova, jurnalist.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1