O`zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi (O`zEOAVMA)ning “O`zbekiston Respublikasi Davlat Mustaqilligining 30 yilligiga bag`ishlangan “YaNGI O`ZBEKISTON. YaNGI NIGOH” Milliy media dasturi hamda O`zEOAVMA va unga a`zo nodavlat teleradiokanallarning 2021 yil – Yoshlarni qo`llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yiliga mo`ljallangan Rivojlanish dasturi vazifalarini ijro etishga bag`ishlangan Umumiy yig`ilishi — konferensiyasi bo`lib o`tdi.
Tadbirda O`zEOAVMAga a`zo teleradiokanallar, kabel televidenie studiyalari direktorlari bosh muharrirlari, ijodiy va texnik xodimlari ishtirok etishdi.
Tadbirda so`zga chiqqan O`zEOAVMA Boshqruvi raisi F.Abduxoliqov, assosiasiya bosh direktori J.Safoev, Ekspertlar kengashi raisi Sh.G`ulomov va boshqalar so`nggi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev rahbarligida mamlakatimizda ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish, axborot va so`z erkinligini ta`minlashga katta e`tibor qaratilayotganii, mamlakatni har taraflama rivojlantirishda ommaviy axborot vositalarining ahamiyatini kuchaytirish, mulkchilik shaklidan qat`i nazar media-bozorda ular uchun teng shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida loyihalarni shakllantirish singari masalalar bo`yicha to`xtalib o`tishdi.
Mazkur milliy media dasturi O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo`llab-quvvatlash jamoat fondining mablag`larini boshqarish bo`yicha Parlament komissiyasi, YuNESKO va Konrad Adenauer jamg`armasining O`zbekistondagi vakolatxonalari singari bir qator davlat, jamoat va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlab chiqildi.
“Yangi O`zbekiston yangi nigoh” media dasturi o`z ichiga O`zbekiston elektron ommavaiy axborot vositalari (O`zEOAVMA) faoliyatini kengaytirish, Axborot saytlari va ijtimoiy tarmoqlarni rivojlantirish bo`yicha hamkorlik, Respublika hududidagi nodavlat elektron OAVlarni yanada rivojlantirish, yosh jurnalistlar uchun keng imkoniyatlar yaratish, etuk mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish, faol jurnalistlarni rag`batlantirish, xorijiy jamoatchilikni mustaqilligimizning 30 yilligi arafasida o`tkaziladigan tadbirlar, 2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishlari bo`yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish bo`yicha xabardorligini oshirish, shuningdek, bu yilgi saylovoldi kampaniyasining xorijiy OAVlarda xolisona yoritilishi ta`minlash, O`zbekiston Prezidentining fan, madaniyat va san`atni rivojlantirish, madaniy merosni saqlash, o`rganish va ommalashtirish yuzasidan amalga oshirayotgan islohotlarini, milliy va xalqaro jamoatchilikni Yangi O`zbekistonning jahon tamadduniga qo`shgan hissasi, Uchinchi renessans g`oyalarini ommalashtirishdagi hissasini keng yoritish singari bo`limlardan iborat bo`lib, jami 60 ta loyihani qamrab oladi.
Dastur doirasida “Yangi O`zbekistonning yuzi”, “Yangi O`zbekistondan gapiramiz”, “Bizning mamlakatimiz – bizning taqdirimiz”, “Hafta yakunlari”, “Erkin fikr”, “Yangi O`zbekistonda ayolning o`rni”, “Kelajak biz bilan”, “O`zbekiston jahonga yuz tutmoqda”, “Diqqat markazida – O`zbekiston”, “Uchinchi renessansga nigoh” singari va boshqa ko`plab loyihalarni amalga oshirish ko`zda tutilgan.
Konferensiyada “Reklama to`g`risidagi qonun”ga o`zgartirish va qo`shimchilar kiritish yuzasidan taklif va mulohazalarni ishlab chiqish, teleradiokanallar qoshidagi badiiy kengashlar faoliyatini muvofiqlashtirish, ularning yangilangan tarkibi va nizomlarini tasdiqlash, O`zEOAVMAga yangi a`zolarni qabul qilish masalalari ham ko`rib chiqildi.