Xabaringiz bor, O`zbekistonga kelgan kurdistonlik tabib Ali Mahmud Hasan voqeasi ijtimoiy tarmoqlarda katta shov-shuv bo`lmoqda. Joylarda esa tabib qabuliga kirish uchun yuzlab fuqarolar yig`ilishi kuzatilmoqda.
Bu borada IIV mish-mishlardan kelib chiqqan asossiz ma`lumotlarga ishonmaslikni aytgan bo`lsa, Sog`liqni saqlash vazirligi aholining ishonch va e`tiqodidan foydalanib, soxta tabiblik faoliyati bilan shug`ullanayotganlar xaqida ogohlantirdi.
Ayni paytda Milliy mass-mediani qo`llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov kundan-kunga shov-shuv bo`layotgan ushbu masalaga e`tibor qaratdi.
"Agar uning firibgarligi haqidagi ma`lumotlar asosli, isbotlangan bo`lsa, nega uning faoliyati cheklanmayapti? Uning bemalol viloyatma-viloyat yurib, odamlarni davolashiga yo`l qo`yib berilyapti.
Agar haqiqatda foydali tabib bo`lsa, uni ham ro`yxatga olish, lisenziya degan qoidalari bor. Gap odamlar ishonchi va hayoti haqida ketyapti.
Endi bir kamiga chetdan kelib, xohlagan odam, xohlagan ishini qilib ketishi qolgandi. Shaharning darvozasi joyida turibdimi o`zi? Albatta, kimdir o`lishi yoki aziyat chekib, voy dod, deyishini kutyapmizmi?
Sog`liqni saqlash vazirligi, Sanitariya-epidemiologik xizmat karantin, deb rosa jazolashni biladiku. Yoki matbuot xodimlarining ozgina xatosini ko`rib qolsa, qonunlar va jazolarni eslatuvchi IIV qaerga qarayapti? Bu holatda rasmiy munosabatning o`zi kamlik qiladi. Ishlash kerak, o`rtoqlar, quruq gapiravermay!
Shifo izlab har bir imkoniyatdan foydalanmoqchi bo`lgan barcha bemorlarimizga esa ALLOH shifo bersin", - deya yozib qoldirgan Allamjonov.