1

Turkiyalik fuqaroning umriga zomin bo`lgan yigitga hukm o`qildi

Jinoyat 07.04.2021, 13:46
Turkiyalik fuqaroning umriga zomin bo`lgan yigitga hukm o`qildi

Zafar Rahmonov 2020 yil 17 iyul kuni soat 23:30da Chilonzor tumanida joylashgan xonadonda vaqtincha birga yashagan tanishi Turkiya Respublikasi fuqarosi Mexmet Mustafaning begona ayollarni olib kelib, maishat qilganidan jahli chiqadi. Xonadonga kelib, u bilan dahanaki janjallashib qoladi. Mexmet Mustafani uyatli so`zlar bilan haqoratlab, zarba beradi. Uning muvozanatni yo`qotganidan foydalanib, boshiga, yuziga bir necha marotaba qo`li bilan uradi. Shuningdek, badanining turli qismlariga oyog`i bilan tepib, uning o`limiga sababchi bo`lgan og`ir shikast etkazadi. Mexmet Mustafa olgan tan jarohatlari oqibatida voqea joyida vafot etadi.     

“Menga choynak irg`itdi...”

Sudlanuvchi Zafar Rahmonov sud jarayonida aybiga qisman iqrorlik bildirib, quyidagicha ko`rgazma berdi: 

– Chilonzor tumanidagi xonadonlarning birini men, Turkiya fuqarolari Mexmet Mustafa va Demir Sulaymonlar ijaraga oldik. Ular bilan birga “Toshkent Siti”da qurilishda birga ishlardik. Bizning ijara uyimizga do`stim Bobur Rustamov ham tez-tez kelib turar, ba`zan shu erda qolib dam olib ketardi. 2020 yilning 17 iyul kuni uyda emasdim, ijara uyimizga Boburning kelganini eshitib, unga qo`ng`iroq qildim. Biroq u go`shakni ko`tarmagani uchun birga yashovchi Demir Sulaymonga qo`ng`iroq qildim. U bilan gaplashayotganimda qizlarning kulgan ovozlari eshitildi. Uyga begona qizlarni kim olib keldi, baqir-chaqir bo`lsa qo`shnilarning jahli chiqadi, deb asabiylashdim. Demir menga qizlarni Mexmet olib kelganligini, hozir ular do`stim Bobur bilan birgalikda spirtli ichimlik iste`mol qilishayotganini aytdi. Bu gapni eshitganimda men ham Qibray tumanida joylashgan qurilishi ob`ektiga yaqin joydagi do`konda spirtli ichimlik iste`mol qilib o`tirganim sababli biroz mast edim. O`rtoqlarimning maishat qilib o`tirganidan jahlim chiqib, yo`lovchi mashinada ijara uy tomon yo`l oldim. Etib kelib, uyga kirmasdan Demirga qo`ng`iroq qildim, “pastga tush” dedim. U tushgandan keyin gaplashib oldik va birga uyga chiqdik. Xonaga kirsam balkondagi stol-stulda Mexmet, Bobur va ikki nafar yoshroq ayollar spirtli ichimlik ichib o`tirishardi. Men Mexmetga “Bu ishingni ijara uy egasi bilib qolsa, uydan chiqarib yuboradi”, dedim. U esa turkchalab onadan so`kindi. Unga “Nimaga so`kinasan?” degandim, stol ustida turgan choynakni menga irg`itdi. Bundan jahlim chiqib, yoqasidan tortdim, yuziga boshim bilan zarba berdim. Mexmet bu zarbani kutmagani uchun bor bo`yi bilan oshxona poliga yiqildi. Uning yiqilganidan foydalanib, tanasining turli qismlariga oyog`im bilan tepkiladim. Biz janjallashganimizda xonada o`tirgan Demir, Bobur va ayollar tashqariga chiqib ketgandi. Mexmetni o`ldirish niyatim yo`q edi, agar uni o`ldirmoqchi bo`lganimda stol ustida pichoq turgandi. Biz u bilan har doim yaxshi munosabatda bo`lib kelganmiz, jahlim chiqqanidan nima qilganimni bilmay qoldim...

 

Hukm o`qildi

Zafar Rahmonov Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismining “d” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli, deb topildi va 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish qilish jazosi tayinlandi. Jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o`tash belgilandi.

Anvarjon Iminov, jinoyat ishlari bo`yicha Chilonzor tuman sudi sudyasi, 

Lola Shoimova, jurnalist.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1