AsosiyJamiyat

Jinoyat prosessida shaxs qachon fuqaroviy da`vogar sifatida da`vo bilan chiqishi mumkin?

'Jinoyat prosessida shaxs qachon fuqaroviy da`vogar sifatida da`vo bilan chiqishi mumkin?'ning rasmi

Qonun ustuvorligini, insonning huquq va erkinliklari himoyasini ta`minlamasdan turib fuqarolik jamiyatini qurish haqida so`z yuritib bo`lmaydi. 

O`zbekiston Respublikasida inson huquqlarini ta`minlash va himoya qilish borasida jiddiy ishlar olib borilmoqda, jumladan bir qator qonunchilik hujjatlari tizimi ishlab chiqilgan, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish milliy institutlari tashkil etilgan. 

O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 44-moddasiga ko`ra: «Har bir shaxsga o`z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining g`ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi».

Mazkur huquqni amalga oshirish shakllaridan biri – jinoyat ishi bo`yicha jinoyatlarni tergov qilishda va sud muhokamasida fuqaroviy davoni qo`zg`atishdir. 

Inson huquqlarini himoya qilish bevosita jinoyat tufayli yoki aqli noraso shaxsning ijtimoiy xavfli qilmishi natijasida fuqarolarga va yuridik shaxslarga etkazilgan mulkiy ziyonni qoplash masalalari hisoblanadi. Amaldagi jinoyat-prosessual qonun hujjatlari sud va davlat organlari zimmasiga jinoyat yoki aqli noraso shaxsning ijtimoiy xavfli qilmish natijasida shaxsga etkazilgan mulkiy zararni undirish imkoniyatini ta`minlab berishni yuklaydi. 

Jinoyat tufayli etkazilgan zararning darajasi va miqdori dastlabki tergov jarayonida va sud jarayonida muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki zarar miqdori va darajasi bevosita sodir qilingan jinoyatni tasniflashga ta`sir qiladi. Zarar miqdor va darajasining qanchalik aniq belgilanishi sodir bo`lgan jinoyatni shunchalik aniq tasniflash uchun kerakli asoslardan biri hisoblanadi. Bundan tashqari, jinoyat natijasida etkazilgan zararning miqdori va darajasi jinoyat sodir etgan shaxsning jamiyatga qanchalik darajada xavfli ekanligini belgilab beradi. Dastlabki tergovning vazifasi jinoyat tufayli etkazilgan zararning miqdorini aniqlash emas, balki uning qoplanishi uchun barcha choralarning ko`rilganligidir. 

Jinoyat tufayli etkazilgan zarar turiga ma`naviy zarar, jismoniy zarar va mulkiy ziyonga bo`linadi. Ushbu zararning turlaridan ma`naviy zarar mavhum tushuncha bo`lib uni darajasini aniqlash va qoplanishini ta`minlashda qiyinchiliklarni vujudga keltiradi. Jismoniy zararning darajasini aniqlash sud tibbiy ekspertizasining vazifasi hisoblanadi. Mulkiy zararning miqdor kategoriyasi Jinoyat kodeksining VIII bo`limida aks etgan bo`lib uni aniqlash unchalik qiyinchilik keltirib chiqarmaydi. Jinoyat tufayli etkazilgan moddiy zarar deganda biz yuqorida ko`rsatilgan zarar turlaridan mulkiy va jismoniy zararni tushunishimiz mumkin. 

Jinoyat prosessida ko`riladigan fuqaroviy da`volarga Jinoyat prosessual kodeksining 275-moddasida ko`rsatilgan bo`lib quyidagilardan iborat: jinoyat tufayli yoki aqli noraso shaxsning ijtimoiy xavfli qilmishi natijasida fuqarolarga va yuridik shaxslarga etkazilgan mulkiy ziyonni qoplash, shuningdek jabrlanuvchini dafn etish yoki uning stasionarda davolanish xarajatlarini hamda sug`urta tariqasida unga to`lanadigan pul, nafaqa pensiya pulini undirish to`g`risidagi fuqaroviy da`volar ko`riladi. 

Jinoyat prosessida fuqarolar ham yuridik shaxslar ham fuqaroviy da`vo berish huquqiga ega. Jinoyat prosessida fuqaroviy da`volar: 1) jinoyat oqibatida ko`rilgan zararni qoplash to`g`risida; 2) aqli noraso shaxsning ijtimoiy xavfli qilmishi natijasida etkazilgan mulkiy ziyonni qoplash to`g`risida; 3) jabrlanuvchiga etkazilgan tan jarohatlarini yoki vujudga kelgan kasalligi tufayli stasionarda davolanish xarajatlarini undirish to`g`risida; 4) jabrlanuvchiga jinoyat sodir etgan shaxsdan undirish to`g`risidagi da`volardan iborat bo`lishi mumkin. 

Jinoyat natijasida etkazilgan mulkiy ziyonni zarar huquqiy majburlovning o`ziga xos turi sifatida va ko`ngilli ravishda qoplanishi mumkin. Jinoyat natijasida etkazilgan mulkiy zararning ko`ngilli ravishda qoplanishi jinoyat prosessi vazifalari bajarilishining eng samarali usuli hisoblanadi. Mulkiy zararning qoplanishining eng oddiy usuli bu restitusiya hisoblanadi. Restitusiya jinoyat prosessida jinoyatdan mulkiy zarar ko`rgan jabrlanuvchining jinoyat sodir bo`lgunga qadar mavjud mulkini qayta tiklanishini ifodalaydi. Lekin jinoyat natijasida mulkiy zarar ko`rgan shaxsning mulki o`z egasiga qaytarilishi imkoniyati mavjud bo`lmasa, mulkiy zararni undirish fuqaroviy da`voni ta`minlash shaklida amalga oshiriladi. Jinoyat natijasida etkazilgan mulkiy zararning 24 qoplanishini undirish shakllaridan foyda beradigan jinoyat prosessida fuqaroviy da`vo hisoblanadi. 

JPKning 276-moddasiga ko`ra jinoyat tufayli yoki aqli noraso shaxsning ijtimoiy xavfli qilmishi natijasida o`zini mulkiy ziyon ko`rgan deb hisoblovchi shaxs yoxud uning vakili jinoyat ishi qo`zg`atilgan paytdan to sud tergovi boshlangunga qadar fuqaroviy da`vo qo`zg`atish huquqiga ega. Fuqaroviy da`vo og`zaki shaklda ham, yozma shaklda ham berilishi mumkin. Jinoyat prosessida fuqaroviy da`vo qo`zg`atish, uni ko`rib chiqish va hal etish uchun davlat boji undirilmaydi. 

Jinoyat tufayli yoki aqli noraso shaxsning ijtimoiy xavfli qilmishi natijasida mol-mulki yo`qolgan yoki shikastlangan shaxs vafot etgan taqdirda uning merosxo`rlari jinoyat prosessida fuqaroviy da`vo qo`zg`atish va uni qo`llab quvvatlash huquqiga ega bo`ladilar. Da`voni qo`llab quvvatlash ham dastlabki tergov, ham sud muhokamasi davrida amalga oshiriladi. Agar biror shaxsga nisbatan jinoyat ishi tugatilgan bo`lsa, aynan shu shaxsga nisbatan fuqaroviy da`vo qo`zg`atish man etiladi, agar bunday fuqaroviy da`vo qo`zg`atilgan bo`lsa, u holda uni fuqaroviy sud ishlarini yuritish tartibida qo`zg`atish lozim. 

JPKning 277-moddasiga ko`ra fuqaroviy da`vo qo`zg`atilgan taqdirda sodir etilgan qilmish natijasida shaxsga mulkiy ziyon ko`rgan deb hisoblasa, uni fuqaroviy da`vogar deb e`tirof etish to`g`risida surishtiruvchi, tergovchi qaror sud esa ajrim chiqaradi. Ish bo`yicha fuqaroviy da`vogar deb e`tirof etish fuqaroviy da`vo qo`zg`atilgandan so`ng hamda shaxsni fuqaroviy da`vogar sifatida tan olish jarayoni bilan amalga oshiriladi. 

Fuqaroviy da`vogar sifatida ishda ishtirok etishga jalb qilish to`g`risida qaror yoki ajrim chiqarilgandan so`ng ushbu qaror fuqaroviy da`vogar yoki uning vakiliga e`lon qilinadi.

JPKning 57-moddasida ko`rsatilgan huquq va majburiyatlari tushuntiriladi. Fuqaroviy da`vogar sifatida e`tirof etish rad qilingan shaxslarga ushbu qaror ustidan shikoyat qilish tartibi tushuntiriladi. Fuqaroviy da`vogar bir necha kishining qilmishi natijasida etkazilgan zararning qoplanishini ularning barchasidan yoki har biridan talab qilish huquqiga ega. 

Etkazilgan mulkiy ziyon miqdorini bu shaxsga zarar keltirgan shaxslarning har biriga taqsimlagan holda talab qilishi yoki ularning biridan to`laligicha talab qilishga haqli. U holda zararni qoplagan shaxs qolgan fuqaroviy javobgarlardan ma`lum bir qismini talab qilib olish huquqiga ega bo`ladi. JPKning 278-moddasiga ko`ra ariza beruvchi shaxs fuqaroviy da`vogar sifatida e`tirof etilgach, ayblanuvchi, 25 sudlanuvchi yoki o`ziga nisbatan tibbiy yo`sindagi majburlov choralari qo`llanilishi masalasi qo`yilgan shaxsning qilmishlari natijasida etkazilgan ziyon uchun qonunga ko`ra boshqa shaxslar mulkiy javobgar ekanligi aniqlangach tegishli jismoniy yoki yuridik shaxsni fuqaroviy javobgar sifatida jalb qilish to`g`risida surishtiruvchi, tergovchi qaror, sud esa ajrim chiqaradi. Qaror fuqaroviy javobgarga yoki uning vakiliga e`lon qilinadi va ularga JPKning 59 va 63-moddalaridagi huquq va majburiyatlari tushuntiriladi. Fuqaroviy javobgarga keltirilgan zarar uchun javobgarlik ushbu shaxsga e`lon qilingan ayblov tasdiqlangandan so`ng fuqaroviy da`vo qondirilishi mumkin. Jinoyat prosessida da`vosi ko`rilmagan shaxslarga fuqaroviy tartibda da`vo qilish huquqlari mavjudligi tushuntiriladi. 

Jinoyat tufayli etkazilgan moddiy zararning qoplanishi ta`minlash uchun barcha choralarning ko`rilishi nafaqat Jinoyat prosessual kodeksi talablarining bajarilishi, balki fuqarolarning huquqni muhofaza qiluvchi organlarga nisbatan bo`lgan ishonchini yanada ko`tarish uchun ham muhim ahamiyatga egadir.

Gulmurodov Umidjon , O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi kunduzgi ta`lim 3-o`quv kursi kursanti 

Boshqa yangiliklar