Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Nurobod tumani markaziga yaylov yo`qligidan norozi xalq qo`ylarni haydab kelingani aks etgan videolavha muhokamalarga sabab bo`ldi. Shundan so`ng, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan holat o`rganilib, tuman hokimining qarori bekor qilinib, Nurobod tumani Toshquduq massivida joylashgan yaylov er maydonlari tuman hokimligi zaxirasiga olindi.
Ayni paytda mazkur masala viloyat prokuraturasi tomonidan o`rganildi.
"O`rganishlar natijasida, tumandagi “Qilichli” mahalla fuqarolar yig`inida istiqomat qiluvchi fuqarolar tomonidan yaylovlardan ijara shartnomalarisiz bepul foydalanish ilinjida mazkur yaylov maydonida 4 000 boshdan ortiq qo`ylar boqilayotganligi vaj qilib ko`rsatilib, klaster rahbarlari va mutasaddi tashkilotlar “ko`zini qo`rqitib qo`yish” maqsadida fermer xo`jaligiga tegishli bo`lgan 1450 bosh qo`ylar tuman markazida joylashgan Nurobod tumani hokimligi hududiga haydab kelinganligi aniqlangan.
Shundan so`ng, viloyat prokurori Ravshan Masharipov, Respublika “Qorako`lchilik” uyushmasi raisi Erkin Xayitov va boshqa mutasaddi tashkilotlar rahbarlari bilan birgalikda keng jamoatchilik, OAV vakillari va oqsoqollar ishtirokida mahalliy aholi bilan uchrashib, qorako`lchilik tarmog`ida amalga oshirilayotgan islohotlar bo`yicha suhbat o`tkazib, yaylovlardan foydalanish tartibi va huquqiy asoslari tushuntirildi", - deyiladi rasmiy xabarda.






