“Yoshlar kundaligi” telegram kanalida Bo`ka tumanidagi 49-maktab o`quvchisining: “Iltimos, Prezident bobo bizga maktabimizni qaytarib bering, qiynalib ketdik” deya yo`llagan video murojaati e`lon qilindi.
Murojaat yuzasidan Toshkent viloyati Xalq ta`limi boshqarmasi munosabati bildirdi.
"Bugungi kunda mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan yoshlar siyosatiga, ularning zamonaviy ta`lim olishiga katta e`tibor qaratilib, yosh avlodga zamonaviy va sifatli ta`lim berish uchun ijtimoiy sohaga davlat byudjetidan har yili katta miqdorda mablag` ajratilib, investisiya dasturi asosida umumta`lim maktablarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta`mirlash va moddiy-texnik bazasini yaxshilash bo`yicha aniq manzilli ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 28 dekabrdagi PQ-4936-sonli qaroriga asosan 2021 yilda Toshkent viloyatida Investisiya dasturiga muvofiq jami 39 ta maktablarga, jumladan 4 ta yangi qurilish, 22 ta rekonstruksiya va 13 ta kapital ta`mirlash ishlari uchun 203 mlrd. so`mlik mablag` ajratish rejalashtirilgan.
Bo`ka tumanidagi 49-sonli umumta`lim maktabining asosiy binosi 2005 yil qurilgan bo`lib, 2016 yil to`liq ta`mirdan chiqarilgan. Ta`lim muassasasi 170 o`ringa mo`ljallangan bo`lib, xozirda 209 nafar o`quvchi 1.2 koffisentda ta`lim-tarbiya olib kelmoqda. Shuningdek, 49-sonli maktabining "Qoraquduq" MFYdagi filialida 52 nafar o`quvchi ta`lim olgan.
Maktabning mazkur filiali binosi 1980 yilda paxsadan qurilganligi, o`tgan yillar mobaynida ta`mirlanmaganligi, foydalanishga yaroqsizligi va ta`mirtalabligi sababli 2020 yilda vaqtincha faoliyati to`xtatilgan.
Bugungi kunda filial o`quvchilariga ta`lim-tarbiya berish maktabning asosiy binosida davom ettirilmoqda. 49-sonli maktab filiali va maktabning asosiy binosi o`rtasidagi masofa 3 km 300 metrni tashkil etadi. Ta`lim muassasasining asosiy binosida o`quvchilarning ta`lim-tarbiya olishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan bo`lib, kompyuter xonalari, sport maydonchasi va turli to`garaklar faoliyati yo`lga qo`yilgan.
Bo`ka tumanidagi 49 maktabning Qoraquduq MFY hududidagi filiali binosini mahalliy byudjetning orttirib bajarilgan qismi hisobidan 2021-2022 o`quv yili boshlangunga qadar ta`mirlab, foydalanishga topshirish bo`yicha mahalliy hokimlik bilan kelishib olindi.
Toshkent viloyati xalq ta`limi boshqarmasi tomonidan mazkur filial faoliyatining keyingi holati alohida nazoratga olinib, bu haqida qo`shimcha ma`lumotlar berib boriladi", - deyiladi xabarda.






