«O`zavtosanoat» AJ va uning tarkibiy korxonalarini isloh qilish bo`yicha transformasiya ofisi o`z faoliyatini boshladi. Bu haqda kompaniya axborot xizmati xabar berdi.
Xabarga ko`ra, sohaning transformasiya dasturini birgalikda amalga oshirilishi avtomobil bozorini isloh qilish uchun zarur iqtisodiy sharoitlarni hamda transformasiya va bosqichma-bosqich «O`zavtosanoat» va uning tarkibiy korxonalarini xususiylashtirish orqali mamlakatda raqobat muhitini yaratadi. Transformasiya jarayonida sanoatni boshqarishning eski modelidan voz kechish, mahsulot sifati va hajmiga bevosita ta`sir ko`rsatadigan ishlab chiqarish va biznes jarayonlarini modernizasiya qilish rejalashtirilgan.
Qayd etilshicha, ishlab chiqarishning yangi yo`nalishlarini rivojlantirish va mahalliylashtirish darajasini 70 foizgacha ko`tarilishi samarali boshqaruvnig natijasi bo`ladi. Bu esa, o`z o`rnida, mahsulotning chakana narxini pasaytirishga imkon beradi. Birinchi bosqichdayoq ushbu dastur «Chevrolet Tracker» va «Onix» kabi modellarni ishlab chiqarilishini boshlashni nazarda tutadi. Transformasiya jarayoni quyidagi 7 ta yo`nalish bo`yicha amalga oshiriladi:
- savdo va marketing;
- yangi ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlik va xususiylashtirish;
- xaridorlar va ta`minotchilar bilan ishlash;
- ishlab chiqarish jarayonlarini yaxshilash;
- aylanma mablag`larni muvofiqlashtirish;
- moliyaviy ko`rsatgichlarni yaxshilash;
- raqamlashtirish va axborot texnologiyalarni joriy etish.
Ma`lum qilinishicha, transformasiya strategiyasi va dasturi doirasida quyidagi bosqichlar belgilangan:
- 2021-2022 yillarda «O`zavtosanoat» va uning tarkibiy korxonalarini transformasiya qilish, shuningdek, joriy operasion faoliyatni (korporativ boshqaruv, ishlab chiqarish, moliya, savdo va sotuvdan keyingi xizmat) optimallashtirish va xususiylashtirishga tayyorgarlik ko`rish;
-2022-2025 yillarda hamkorlar bilan birgalikda yangi modellarni ishlab chiqarishni yo`lga qo`yish, shuningdek, ishlab chiqarishga sarflanadigan vaqtni ikki baravar qisqartirish, mahalliylashtirish darajasini 70 foizgacha oshirish, elektromobillarni ishlab chiqarishga tayyorgarlik va bosqichma-bosqich «O`zavtosanoat» tarkibiy korxonalari ulushlarini xususiy sektorga sotish.






