Prezidentning 27.03.2021 yildagi «Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida amalga oshiriladigan qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida»gi qarori qabul qilindi.
Ma`lum bo`lishicha, qarorda quyidagilar tasdiqlandi:
- 2021 yilda Dasturlar doirasida loyihalarni moliyalashtirishning manbalar kesimidagi maqsadli parametrlar;
- 2021 yilda Dasturlar doirasida loyihalarni kreditlashning hududlar kesimidagi maqsadli parametrlar.
Qayd etilishicha, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, yoshlar va xotin-qizlarni daromadli mehnat bilan band qilishga yo`naltirilgan dasturlarga quyidagilar kiritilgan:
- «Har bir oila − tadbirkor» dasturi;
- Fermer, dehqon xo`jaliklari va tomorqa er egalarini, shuningdek xotin-qizlar tadbirkorligini qo`llab-quvvatlash dasturlari;
- Hunarmandchilikni rivojlantirish dasturi;
- Bandlikka ko`maklashish dasturi.
Ta`kidlanishicha, 1 apreldan boshlab:
- aholi va tadbirkorlik sub`ektlarining kredit olish uchun arizalari Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari yagona elektron platformasi orqali qabul qilinadi;
-kredit olishga talabgorlarga «Agrobank» ATB, AT «Xalk banki» va «Mikrokreditbank» ATBlar orasidan birini ixtiyoriy tanlab, barcha dasturlar doirasida imtiyozli kredit olish bo`yicha murojaat etish imkoniyati yaratiladi;
- kredit oluvchi tanlagan mahsulot etkazib beruvchi (ish bajaruvchi) tashkilot tomonidan mahsulotlar etkazib berilgandan (ishlar bajarilganidan) so`ng, kredit mablag`lari ta`minotchiga ajratib beriladi;
o`zini o`zi band qiladigan fuqarolarga ayrim turdagi faoliyatni amalga oshirish (kasanachilik, hunarmandchilik, issiqxona qurish va shu kabilar uchun zaruriy xom ashyo, ehtiyot qism hamda qurilish mollarini sotib olish) maqsadida 5 million so`mgacha miqdorida kredit mablag`lari naqd pulda berilishi mumkin;
- «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari» va «Temir daftar»ga kiritilgan fuqarolarga ajratilgan kreditlarning maqsadli ishlatilishini monitoring qilish mas`uliyati tijorat banklari bilan birga mos ravishda tuman (shahar) mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash bo`limlari, Yoshlar ishlari agentligining tuman (shahar) bo`limlari hamda sektor rahbarlari, shuningdek mahalla fuqarolar yig`ini raislari zimmasiga yuklatiladi.
Shunigdek, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish loyihalarini moliyalashtirish uchun:
- Moliya vazirligi 1,3 trillion so`m miqdoridagi mablag`ni vakolatli banklarning ustav kapitalini oshirishga, shu jumladan «Agrobank» ATBga − 700 milliard so`m, «Mikrokreditbank» ATBga − 400 milliard so`m va AT «Xalq bank»ga − 200 milliard so`m yo`naltiradi;
- Tiklanish va taraqqiyot jamg`armasi uch yillik imtiyozli davr bilan 7 yil muddatga:
- vakolatli banklarga 1,6 trillion so`mlik kredit resurslari ajratilishini ta`minlaydi;
-AT «Aloqabank»ka − asalarichilikni rivojlantirish uchun 5 million AQSh dollari ekvivalentida va «Turonbank» ATBga tadbirkorlik sub`ektlarining 10 sotixdan kam bo`lmagan maydonlarda limonchilikni tashkil etish loyihalarini moliyalashtirish uchun 8 million AQSh dollari ekvivalentidagi mablag`lar ajratilishini ta`minlaydi.






