AsosiyJamiyat

Sankt-Peterburgda O`zbekistonning ziyorat turizm salohiyatiga bag'ishlangan taqdimot o'tkazildi

'Sankt-Peterburgda O`zbekistonning ziyorat turizm salohiyatiga bag'ishlangan taqdimot o'tkazildi'ning rasmi

Rossiya Federasiyasining Sankt-Peterburg shahrida O`zbekistonning ziyorat turizm salohiyatiga bag`ishlangan taqdimot hamda ikki tomon turoperatorlari o`rtasida B2B uchrashuvlar bo`lib o`tdi. Bu haqda Turizm va Sport vazirligi ma`lum qildi.

Prezidentimizning “O`zbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining “Ichki va ziyorat turizmini rivojlantirish bo`yicha qo`shimcha chora tadbirlar to`g`risida”gi qarori ijrosi doirasida Bosh vazir o`rinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov topshirig`i bilan o`tkazilayotgan ushbu tadbirlar Sankt-Peterburg soha vakillari orasida katta qiziqish uyg`otdi.

Sankt-Peterburgda o`tkazilgan O`zbekistonning ziyorat turizm taqdimot marosimini Turizm va sport vaziri maslahatchisi O`tkir Saidov ochib berdi hamda yig`ilganlarga so`nggi yillarda mamlakatimizda turizm sohasi rivojiga qaratilayotgan yuksak e`tibor va islohotlar haqida so`zlab, tadbir qatnashchilarini diyorimizga sayohat qilishga chorladi.

Shundan so`ng Rossiya geografik jamiyati, Rossiyaning Madaniyat vazirligi tarixiy va diniy turizm bo`yicha mutaxassisi Vladimir Derbenyov so`zga chiqib, so`nggi yillarda O`zbekiston eng faol mamlakat bo`lganini e`tirof etib, hamkorlik nuqtai nazaridan Sankt Peterburg uchun muhim o`rinlardan birini egallashini ta`kidladi. “Ikki tomon o` rtasida turizmni, shu jumladan ziyorat turizmini rivojlantirish juda muhim, zero bu bizning ma`naviy hayotimizning ajralmas qismidir. Shunday ekan, biz hamkorlikni yanada mustahkamlash va aviareyslarni oshirish tarafdorimiz”, - dedi V.Derbenyov. Shuningdek, u 1-apreldan e`tiboran Toshkentdan Moskvaga reyslar ochilganini va bundan keyin O`zbekiston va Rossiya o`vrtasidagi aviaqatnovlar soni oshishiga tilakdosh ekanini aytib o`tdi.

O`zbekiston delegasiyasi shuningdek, muftiy, Sankt-Peterburg va Rossiyaning Shimoli-G`arbiy mintaqasi musulmonlari diniy idorasi raisi shayx Ravil hazrat Pancheev bilan uchrashishdi. Shuningdek, Ravil Pancheev Mir Arab madarasasining 500 yilligi munosabati bilan o`tkaziladigan tadbirga taklif etildi.

Bundan tashqari, tadbirda O`zbekiston tarixiy meʼmoriy yodgorliklarini saqlash va zamonaviy mehmonxona infratuzilmasini rivojlantirishga katta ahamiyat berilayotgani, viza rejimini liberallashtirish, chet el fuqarolarini ro`yxatdan o`tkazish tartibini soddalashtirish, mamlakat turizm sanoatini rivojlantirish maqsadida imtiyoz va preferensiyalar berish bo`yicha ishlar olib borilayotgani ta`kidlandi.

O`zbekiston va Sankt-Peterburg shaharlari o`rtasida turizm sohasida hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. O`zbekiston va  Sankt-Peterburg turoperatorlari B2B formatida uchrashuvlar doirasida yangi turistik yo`nalishlar va turmahsulotlar ishlab chiqish, o`zaro manfaatlik hamkorlik aloqalarini kuchaytirishga kelishib olishdi.  

Bundan tashqari, Peterburgda tadbir ishtirokchilari uchun gastronomik boyligimiz hisoblangan palov tayyorlanib, o`zbekona dasturxon yozildi.

Tadbir yig`ilganlarda katta taassurot qoldirdi va ular bu kabi targ`ibot tadbirlarini tizimli ravishda o`tkazish istagini bildirishdi.

Sankt-Peterburg va Shimoliy-G`arbiy Federal okrugning turistik klasteri rahbari Liliya Sorokina shunday dedi: “Bugun biz qiziqarli va ajoyib tadbirda qatnashdik. Taqdimotda juda munosib kompaniyalar ishtirok etishdi, biz albatta ular bilan o`zaro hamkorlikni yo`lga qo`ymoqchimiz. Bu Sankt-Peterburg aholisi uchun ajoyib taklif. Umid qilamizki, ushbu turdagi imkoniyatlar bizning sayohasevarlar dasturlarida munosib o`rin egallaydi”.

O`zbekistonning Sankt-Peterburgdagi bosh konsuli Alisher Babaev Sankt-Peterburg aholisining ziyorat turizmiga O`zbekistonga qiziqishi yuqori ekani, mamlakatimizning madaniyati, tarixiy va madaniy yodgorliklari, mehmondo`stligi va boy tarixi sayyohlarni maftun etishi, Sankt-Peterburg turoperatorlari O`zbekistonga sayyohlarning yangi oqimini yuborishga astoyidil tayyorgarlik ko`rayotganini qayd etdi. Shuningdek, u Rossiyaning shimoliy poytaxtida faoliyat yuritayotgan sayyohlik kompaniyalari mamlakatning Shimoli-G`arbiy federal okrugi aholisi uchun O`zbekistonga yangi turpaketlarni yo`lga qo`yishni rejalashtirayotganini ma`lum qildi.

Sankt-Peterburg shahriga tashrif buyurgan delegasiya tarkibidan O`zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi, O`zbekiston musulmonlar idorasi, Xalqaro islom akademiyasi, O`zbekiston oshpazlar uyushmasi vakillari o`rin oldi.

Uchrashuvlar yakunida Turizm va sport vazirligi Sankt-Peterburgdagi ziyorat turizm targ`ibot tadbirlarini o`tkazishda yaqindan yordam bergan O`zbekistonning Rossiya Federasiyasidagi elchixonasiga hamda konsulikka minnatdorchilik bildiradi.

    Boshqa yangiliklar