O’zLiDeP Farg`ona viloyati Kengashi fuqarolarni partiyaga majburan a`zo qildirilayotgani haqidagi asossiz xabarlarga munosabat bildirdi:
"Ijtimoiy tarmoqlarda O’zLiDeP Farg`ona viloyati Kengashi go`yoki fuqarolarni partiyaga majburan a`zo qildirishi bilan bog`liq asossiz xabarlar tarqalishiga nisbatan haqiqiy holat yuzasidan ishonchli ma`lumot berishdan oldin partiyamiz faoliyatiga qiziqish bildirgan keng jamoatchilikka minnatdorchiligimizni bildiramiz.
Mamlakatimizda keyingi to`rt yilda amalga oshirilgan ochiqlik, oshkoralik siyosati tufayli fuqarolarimizning dunyoqarashi, fikrlashi, hayotga qarashlari o`zgardi. Bir so`z bilan aytganda, Yangi O`zbekistonda yangicha dunyoqarash shakllandi.
Ma`lumki, “Siyosiy partiyalar to`g`risida”gi qonunning 1-moddasida qayd etilganidek, “Siyosiy partiya O`zbekiston Respublikasi fuqarolarining qarashlar, manfaatlar va maqsadlar mushtarakligi asosida tuzilgan, davlat hokimiyati organlarini shakllantirishda jamiyat muayyan qismining siyosiy irodasini ro`yobga chiqarishga intiluvchi hamda o`z vakillari orqali davlat va jamoat ishlarini idora etishda qatnashuvchi ko`ngilli birlashmasidir”.
Har bir inson qaysi partiyaga a`zo bo`lishni, yoki partiyasiz bo`lishni o`zi tanlaydi. Bugungi kunda O’zLiDeP Farg`ona viloyati tashkilotiga qariyb etmish mingga yaqin faollar ixtiyoriylik asosida birlashgan. Partiyaga a`zolikka qabul qilish bo`yicha shu vaqtgacha biror hokimlik yoki boshqa idora tomonidan ko`rsatma va topshiriq berilgani yo`q.
Ko`ngilli birlashmaga majburan a`zolikka qabul qilish amaliyoti Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O`zbekiston Liberal-demokratik partiyasi faoliyatida kuzatilmagan.
O’zLiDeP o`z elektorati vakillari va ushbu siyosiy kuch xayrixohlarini har doim qo`llab-quvvatlaydi. Ularni o`ylantirayotgan muammolarga hamjihatlikda echim izlaydi.
Partiyaning viloyat Kengashi tomonidan tuman va shaharlarda tizimli bo`sh ish o`rinlari tashkil etish, o`tkazilayotgan tadbirlarga ko`maklashish maqsadida viloyat tashkilotining xodimlari biriktirilgan bo`lib, ular hududlarda partiya faoliyatini yanada rivojlantirishga ko`maklashadi.
Yana bir bor ta`kidlaymiz, xalqimiz kechagidan ko`ra bugun siyosiy hushyor, sergak va uyg`oq. Bugungi kunda yurtdoshlarimizni bunday asossiz xabarlar bilan chalg`itib bo`lmaydi",–deyiladi rasmiy munosabatda.






