Bu haqda AOKAda bo`lib o`tayotgan matbuot anjumanida ma`lum qilindi:
2014 yilda BMT Taraqqiyot dasturi ishlab chiqqan ta`lim muassasalari uchun «Iqlim qutichasi» o`quv qo`llanmasi 2018 yildan boshlab respublikada maktab ta`lim jarayoniga joriy qilishga moslashtirish bo`yicha ishlar olib borildi.
O`quv qo`llanmasini ta`lim jarayoniga joriy qilishdan ko`zlangan maqsad — yoshlar va jamoatchilikni iqlim o`zgarishining atrof-muhitga ta`siri haqida xabardorligini oshirishdan iborat.
2015 yilda «Iqlim sandiqchalari» Rossiyaning 157 ta o`rta maktabida muvaffaqiyatli tajribadan o`tkazildi. O`sha yili «Iqlim sandiqchasi» ingliz tiliga tarjima qilindi va Parijda o`tkazilgan Iqlim o`zgarishi bo`yicha BMTning Doiraviy Konvensiyasi tomonlarining konferensiyasida (SOR-21) taqdim etildi. 2016 yilda esa Qozog`iston, Qirg`izston va Tojikiston davlatlarida joriy etila boshlandi.
«Iqlim qutichasi» materiallari to`plami Rossiya Federasiyasining moliyaviy ko`magida, O`zgidromet va Respublika ta`lim markazi bilan keng hamkorlikda BMT TD, Moslashuv jamg`armasining «O`zbekistonning qurg`oqchil hududlarida joylashgan fermer va dehqon xo`jaliklarini iqlimga bardoshligini ta`minlash» qo`shma loyihasini amalga oshirish doirasida moslashtirildi.
Respublika ta`lim markazi tomonidan umumta`lim maktablari o`qituvchilari, xalq ta`lim bo`limlari uslubiyatchilari, maktabdan tashqari ta`lim muassasalari mutaxassislari, sinf rahbarlariga O`zbekistonning iqlim sharoitlari va xosliklari haqidagi materiallar bilan ta`lim jarayonida va maktabdan tashqarida tahsil berishda foydalanishlari uchun o`quv-uslubiy qo`llanma ishlab chiqildi. O`quv qo`llanmasini namunaviy joriy qilish Toshkent shahrining uchta maktabida muvaffaqiyat bilan o`tkazildi.






