AsosiyJamiyat

Suv xo`jaligi vazirligi tuzilmasiga yangi lavozimlar joriy etiladi

'Suv xo`jaligi vazirligi tuzilmasiga yangi lavozimlar joriy etiladi'ning rasmi

Prezident tomonidan 6 aprel kuni «Suv resurslaridan foydalanish sohasida davlat boshqaruvi va nazorat tizimini yanada takomillashtirish hamda suv xo`jaligi ob`ektlari xavfsizligini ta`minlash chora-tadbirlari to`g`risida»gi farmon imzolandi. Bu haqda «Norma» xabar berdi.

Ma`lum qilinishicha, farmon bilan Suv xo`jaligi vazirligi O`zbekiston Respublikasida barcha suv resurslarini hisobga olish hamda suvdan foydalanish va suv iste`moli samaradorligini oshirish bo`yicha tegishli tadbirlarni muvofiqlashtirish, shuningdek, suv balansini shakllantirish bo`yicha vakolatli davlat organi etib belgilandi.

O`zbekiston Respublikasi suv xo`jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo`ljallangan konsepsiyasida belgilab berilgan yo`nalishlarga muvofiq quyidagilar Suv xo`jaligi vazirligining asosiy vazifalari va faoliyat yo`nalishlari etib belgilandi:

- suv resurslarini boshqarish, suvlarning hisobi, hisoboti va balansini shakllantirish sohasida yagona siyosatni amalga oshirish, shuningdek, suv resurslaridan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish, suvlarning zararli ta`siri oldini olish va bartaraf etish sohasida davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish;

- respublika aholisi, iqtisodiyot tarmoqlari va atrof-muhitning suvga bo`lgan muttasil oshib borayotgan ehtiyojlarini qondirish uchun shart-sharoitlarni yaratish;

- suv xo`jaligi ob`ektlarini modernizasiyalash, rivojlantirish
va qurilish ishlarini sifatli tashkil etish, normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish ishlariga malakali xorijiy ekspertlar va konsalting tashkilotlarini jalb qilish va boshqalar.

Shuningdek, quyidagi lavozimlar kiritiladi:

- suv xo`jaligi vazirining suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish va rivojlantirishga mas`ul bo`lgan o`rinbosari;

- suv xo`jaligi vazirining davlat-xususiy sheriklik va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish bo`yicha maslahatchisi.

Suv xo`jaligi vazirligi huzuridagi Katta va alohida muhim suv xo`jaligi ob`ektlarining texnik holatini hamda bexatar ishlashini nazorat qilish davlat inspeksiyasi O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Suv xo`jaligi ob`ektlari xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi etib qayta tashkil etiladi.

Quyidagilar Inspeksiyaning asosiy vazifalari va faoliyat yo`nalishlarihisoblanadi:

- suv omborlari, sel-suv omborlari va xavf darajasi yuqori bo`lgan boshqa suv xo`jaligi ob`ektlarining xavfsizligini, ishonchli ishlashini hamda qo`riqlanishini nazorat qilish;

- xavf darajasi yuqori bo`lgan suv xo`jaligi ob`ektlarini joylashtirish va loyihalash bo`yicha topshiriqlarni hamda ulardan foydalanish bo`yicha qoidalarni kelishish, shuningdek, ularning xavfsizligi qoidalari va mezonlarini ishlab chiqish;

- xavf darajasi yuqori bo`lgan suv xo`jaligi ob`ektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, ularni foydalanishga qabul qilish, konservasiyalash va tugatish ishlarida ishtirok etish hamda tegishli xulosalar berish va boshqalar.

Shu bilan birga, inspeksiyaga:

- xavf darajasi yuqori bo`lgan suv xo`jaligi ob`ektlaridan foydalanishda xavfsizlik bo`yicha ko`rsatkichlar va mezonlarga amal qilinmagan hollarda suv to`plashni cheklash yoki to`xtatib qo`yish;

- xavf darajasi yuqori bo`lgan suv xo`jaligi ob`ektlarining xavfsizligini ta`minlash maqsadida tegishli vazirlik va idoralar, loyiha tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot va ta`lim muassasalari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va xorijiy kompaniyalarning yuqori malakali mutaxassislarini ekspert sifatida jalb qilish huquqi beriladi.

«Gidrotexnika inshootlari xavfsizligi to`g`risida»gi yangi tahrirdagi qonun loyihasini ishlab chiqish bo`yicha ishchi guruhi tarkibi va «Yo`l xaritasi» tasdiqlandi.

Tegishli vazirliklarning quyidagilarni tashkil etish to`g`risidagi takliflari ma`qullandi:

- Jahon banki loyihalarini amalga oshirish guruhi, Osiyo taraqqiyot banki loyihalarini amalga oshirish guruhi va Arab muvofiqlashtirish guruhi loyihalarini amalga oshirish guruhi negizida Suv xo`jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo`jaligida xorijiy investisiya loyihalarini amalga oshirish markazini;

- Suv xo`jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo`jaligida kapital qurilish loyihalarini amalga oshirish agentligini.

Boshqa yangiliklar