O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon 14 aprel kuni videoanjuman shaklida uchrashuv o`tkazadilar. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Tadbir kun tartibidan ikki tomonlama amaliy sheriklik va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari o`rin olgan.
Asosiy e`tibor Transafg`on temir yo`lini qurish loyihasini birgalikda ilgari surish, o`zaro savdo hajmini oshirish, ikki mamlakatning etakchi korxona va kompaniyalari o`rtasidagi kooperasiyani kengaytirish, aviaqatnovlarni tiklash, hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvlarni rivojlantirishga qaratiladi.
O`zbekiston va Pokiston etakchilari xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashib, bo`lajak tadbirlar rejasini ko`rib chiqadilar.
Sammit yakunida siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikasiya va ta`lim sohalariga oid qator qo`shma hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan.