AsosiyJamiyat

Bemor, «saxovatpesha»dan ehtiyot bo`ling!

'Bemor, «saxovatpesha»dan ehtiyot bo`ling!'ning rasmi

Bunga hali ko`p bo`lgani yo`q. Shu yilning 25-mart kuni Ichki ishlar Vazirligining Axborot xizmati tomonidan bemor uchun ajratilgan xayriya mablag`ini o`zlashtirgan shaxs qo`lga olingani haqida xabar e`lon qilindi. Unga ko`ra, Telegram mesejerida «Akmaljonga yordam»nomli xayriya kanaliga kirib, bemor X.A uchun to`plangan bank plastic kartasidagi 2.000.000 so`m pulni talon-taroj qilingani aniqlangan. Qashqadaryo viloyati Koson tumanida yashovchi 1999- yilda tavallud topgan fuqaro S.O sodir etganligi aniqlanib, undan 2 mln. so`m pul va plastic kartadan pulni talon-taroj qilishda foydalangan «Samsung A10» rusumli telefon aparati ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olinganligi yoritilgan.

Ha, bugun yordamga muhtoj bo`lgan birodariga muruvvat qo`lini cho`zayotgan saxovat egalari oramizda bisyor. Qiyinchilik yillarida  mayizini ham qirq bo`lib  egan xalqimiz ehsontalab hammaslagini «erda» qoldirmaydi.  Sahoba Ammor uch xislatni o`zida mujassam qilgan kishining iymoni mukammal bo`lishi haqidagi kambag`alligida ham sadaqa berib turadigan saxovatpesha xalqimiz yaxshilik qilmoqlikni sevadi. Davolanishga moddiy mablag`i yo`q, hayoti qil ustidagi bemorning rasmlari joylashtirilib, yordam so`rayotgan dindoshlarimizga qo`lidan kelguncha yordam berish uchun xayriya qilayotgan vatandoshlarimiz ham (Yaratganga hamdu sanolar bo`lsinki)  ko`pchilikni tashkil qiladi.

Yuqoridagi xabarni o`qiganimdan so`ng tabiiyki ish yuzasidan bir qancha savol tug`ildi. Ichki ishlar vazirligiga qo`ng`iroq qilay desam, ishga umuman aloqasi bo`lmagan jurnalistika talabasiga bu haqida ma`lumot berilmaydi. Shuning uchun bu qanday yuz berishi haqida  Axborot texnalogiyalari fan o`qituvchimiz (Rahimov Shohrux aka)dan so`radim. Uning aytishicha, ijtimoiy tarmoqqa joylangan rasm ostiga yozib qo`yilgan karta raqamini to`lov tizimlari(cilick,Payme, Paynet)ga kiritganda pul echib olish uchun karta egasining telefoniga tizim orqali sms tarzida yuborilgan maxfiy raqam borgan paytda,«saxovatpesha» qo`ng`iroq qilib, unga pul o`tgazib bermoqchiligini aytib kodni so`raydi, natijada xavfsizlik mas`uliyatini bilmaydigan sodda bemor chuv tushadi-qoladi.  

Payg`ambarimiz s.a.v aytdilar: "Bir kishi aldov yo`li bilan birovning haqqqini olsa, Alloh uni jahannamga dohil qiladi va jannatdan yiroqlashtiradi” dedilar. Shunda bir kishi: «Ey Allohning Rasuli agar u haq qiymatsiz, arzimas bir narsa bo`lsachi?» deb so`radi. Payg`ambar s.a.v : “Hatto miskov daraxtidan bir shox parchasi bo`lsa ham",- deb ta`kidladilar.

Birovning haqiga xiyonat eng og`ir gunohligini bilib, tushunib tursakda, nafs yo`lida, bilib turib qing`ir ishga qo`l uramiz, garchi, bu ehtiyojmand bemorning haqqi bo`lsa ham.  Eng achinarlisi, bugun oramizga qo`shilib har juma masjidga chiqib dindoshiga din haqida va`z o`qiyotgan katta-kichik «mo`min-musulmon»larning  qilayotgan «ishbilarmonligi» kishini og`rintiradi.

Karami keng ollohning qudrati ila zamon rivojlanib, yashash osonlashgani sayin bizning bu qilayotgan ishimiz to`qlikka sho`xlik bo`lmayaptimi? Bir musulmonning boshqa bir musulmon ustidan qilayotgan fosiq va fojirligi emasmi bu?

Etmaganiga hali tanganing ikkinchi tomoni ham bor, o`z nafsi yo`lida  chorasiz turgan kishidan moddiy manfaat evaziga reklama asosida homiy topib berish va`dasi bilan pul ishlab qolish ilinjida foydalanayotgan ayrim «blogerlar»ning «beznisi»ga ham guvoh bo`lmoqdamiz.Vaholanki, mana shundan boshlanadi, hammasi!

Istaymizmi yo`qmi hech bo`lmaganda telegram orqali bir marta bo`lsa ham  shu kabi xabarnoma  guvohi bo`lganmiz. Undagi suratlarni ko`rib, garchi bemor bizning hech kimimiz bo`lmasada, yuragimizning allaqaeridir achishadi. Qo`limizdan kelguncha yordam qilgimiz keladi. Biroq aslida bunday odamlar yonginamizda yashaydiyu e`tibor bermaymiz, bir havodan nafas olib turib  ko`rmaymiz…

Bolaligimda baxtsiz hodisa tufayli o`ng qo`lim jarohatlanib bilak sohamda chandiqli iz qolgan edi. O`sha paytda barcha e`tibor tirik qolishimga qaratilgani uchun plastic operasiyaga uncha ahamiyat qaratishmagan. Ota-onamga sog` qolsam kifoya edi. Boz ustiga, ortiqcha jarrohlik amaliyotiga jismonan kuchim ham etmagan. Shu bois yillar o`tib, biroz yoshim ulg`ayib dugonalarim orasiga qo`shilar ekanman, o`zimda biroz tortinish, uyalish hissini tuydim.

Balki bu mutlaqo xatodir, ammo yaqinlarim va atrofimdagilarning  fikrlari meni Respublika Kosmitalogiya va dermatologiya ilmiy-tekshirish institutiga olib bordi. U erda shu yo`nalish bilan shug`ullanadigan shifokor Bobur Akbarovichga uchrashdim. Xullas, davosini Tavakkal qilib muolajani boshladik.  

Chindan ham niyatim xolis, maqsadim qat`iy edi. Muolajani  sakkiz oy davomida vaqti-vaqti bilan oxirigacha olmoqchi edimu biroq oradan ikki oy o`tar-o`tmas dadamning  ko`zlari og`rib, ular ham lazerli operasiya qilinishi kerak bo`lib qoldi. Endi, ko`rpani u yog`ini tortsa, bu yog`iga; bu yog`ini tortsa u yog`iga etmaydi. Qiyin ahvolda qoldik. Uydagilarni ham qiynashni istamasdim. Shu bois navbatdagi muolajani rad qilib onamga qo`ng`iroq qilgan edim, dadam garchi o`zining sog`ligi bir ahvol bo`lsa ham  shuncha qilingan mehnatni o`ylab, nima bo`lsa ham pul topib berishini aytib shifokorga borishimni tayinladi.  

Amal-taqal bilan pulning yarmi topilgani uchun muolajaning yarmini olishni ko`zlab shifoxonaga bordim. Bobur akaga vaziyatimni tushuntirganimda, biroz o`ylanib qoldilarda:

 -Shifoxonada shu oy uchun aksiya o`tkazilyapti, pulingiz aksiya doirasida hammasiga etadi, – dedilarda butunlay muolaja o`tkazdilar.

Keyingi oy undan ham og`ir «krizes»ga tushib qoldik. Qarz-qavola ko`payib ketdi. Bu safar nima deb borishimni bilmay, bormaslikka qaror qildim. O`zi kechirsinu, qishloqdan kelganiyu  o`zim ishlab yig`ib terganimni ham keyingisi uchun olib qo`ygan edim, shifokorim ayamga(Meni birinchi marta shifokorga ota-onam olib kelgani uchun uydagilarimni Bobur Akbarovich tanib qolgan edi.) qo`ng`iroq qilib davolash vaqti kelganini aytib chaqiribdi. Sal dudmalroq javob bergan ekan, kelib bir ko`rinib ketsin deganu go`shakni qo`ygan. Yuzim qizarib bir ahvolda yana kirib bordim. Xonasiga kirishim bilan hamshiraga “bemorni muolajaga tayyorlang “ dediyu chiqib ketdi. Nima bo`lganiga tushunmay ham qoldim. Muolaja so`ngida:

 -Bu safargisi mendan hadya, boravering. Dadangizni so`rab qo`ying. Alloh shifosini bersin! Keyingi gal ham vaqtini kechiktirmay kelishga harakat qiling ,– deya bir og`iz ham gapirtirmay, xonadan tag`in chiqib ketdi.

 Haqiqatan, boshida o`zimni juda g`alati his qildim. Xuddi tahqirlaganday! Biroq keyin oramizda faqat  ijtimoiy tarmoqlarda o`zini reklama qilmasdan saxiy unsiz qo`lini uzatishga tayyor axiylar ham borligiga iymon keltirdim. Bu maqola uchun atayin o`ylab topilgan syujet xulosasi emas. Bu shunchaki, bugungi kunning «pearlar»idan farqli o`laroq dunyo yaralgandan beri odamzotning bir-biriga mehr-oqibatida yashab kelayotgan muhabbati, xolos.

 

Umida Sattorova

O`zJOKU 2- bosqich talabasi

    Boshqa yangiliklar