O`zbekiston Respublikasining “Ichki ishlar organlari to`g`risida”gi hamda “Veterinariya to`g`risida”gi Qonunlari, O`zbekiston Respublikasi IIVning 2017 yil 18 iyun kunidagi “O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash bosh boshqarmasi karantin tadbirlarini ta`minlash bo`limi to`g`risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrug`ining tegishli bandlariga asosan viloyatimizga kirib kelishi mumkin bo`lgan yuqumli kasalliklarni tarqalishini oldini olish maqsadida, viloyat hududida faoliyat olib borayotgan “Sirdaryo” karantin maskani orqali go`sht-sut mahsulotlarini, parranda, yirik va mayda shoxli chorva mollarini olib o`tayotgan avtotransport vositalari viloyat Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi xodimlari bilan birgalikda tekshirilib kelinmoqda. Bu haqda Sirdaryo viloyat IIB Axborot xizmati xabar bermoqda.
O`tkazilgan tadbirlar davomida Qashqadaryo viloyati Koson tumanida yashovchi J.S boshqaruvidagi "Neksiya" rusumli avtotransport vositasi tekshirilganda hech qanday hujjatlarsiz olib ketilayotgan 329 kg qoramol go`shti borligi aniqlandi. Ushbu go`sht mahsulotlari viloyat “Hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazi”ga olib kelinib, laboratoriya tekshiruvlaridan o`tkazilganda, iste`molga yaroqsiz ekanligi ma`lum bo`ldi.
Ushbu go`sht mahsulotlari viloyat Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasining tegishli xulosasiga asosan Guliston tumani "Zarbdor" mahallasi hududida yoqish yo`li bilan yo`q qilindi.
Fuqaro J.S boshqaruvidagi "Neksiya" rusumli avtotransport vositasi tegishli tartibda qonuniy chora ko`rish uchun O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining Sirdaryo viloyati boshqarmasi mas`ul xodimlariga tegishli tartibda topshirildi.






