AsosiyJamiyat

Qashqadaryoda 2 baho qo`ygani uchun kaltaklangan ingliz tili o`qituvchisi yuzasidan XTV munosabat bildirdi

'Qashqadaryoda 2 baho qo`ygani uchun kaltaklangan ingliz tili o`qituvchisi yuzasidan XTV munosabat bildirdi'ning rasmi

Chiroqchi tumanidagi 134-umumiy o`rta ta`lim maktabining ingliz tili fani o`qituvchisining kaltaklangani yuzasidan xabar bergan edik. 

Xalq ta`limi vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi ushbu holatga munosabat bildirdi:

Millat sifatida qad rostlash va dunyoning rivojlangan davlatiga aylanishiga faqatgina ta`lim sohasini isloh etish, buning uchun o`qituvchilarning jamiyatda eng obro`li qatlamga aylantirish orqaligina erishish mumkinligini barchamiz bilamiz.

Biroq afsuski hali hamon joylarda o`qituvchilarni tahqirlash, kamsitish, haqoratlash hamda ularning faoliyatiga asossiz aralashish holatlari uchramoqda. Bugungi kunda Xalq ta`limi vazirligi bu borada o`qituvchilarni himoya qilish pozisiyasida ekanligini alohida qayd etish lozim.

Kuni kecha Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanidagi 134-umumiy o`rta ta`lim maktabi o`qituvchisi Shohnur Oqquzievning kasbiy faoliyatiga nisbatan jismoniy taz`yiq, hattoki o`qituvchining hayotiga bevosita tahdid qilingani, xaqoratlangani, ayovsiz ravishda kaltaklanganlik holati yuzaga keldi.

Xalq ta`limi vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi bu kabi ko`ngilsiz voqealarni keskin qoralashini ma`lum qiladi.

O`z navbatida Vatanimiz ravnaqi va rivoji uchun befarq bo`lmagan barcha jamoatchilik vakillarini jamiyatda o`qituvchilarga nisbatan umummilliy hurmat tuyg`usini shakllantirish, kasbiy faoliyatiga aralashmaslikka chaqiradi.

Zero, bugungi kunda davlatimiz rahbarining o`zi o`qituvchilarning nufuzi va maqomini oshirish, ularning professional faoliyat bilan shug`ullanishlariga ko`proq sharoit yaratib berishga qaratilgan choralarni ko`rish zarurligiga e`tibor qaratib, o`qituvchilarning huquqlari davlat himoyasida ekanligini, ularning kasbiy faoliyatiga noqonuniy aralashuv javobgarlikka sabab bo`lishini qayd etgan" deyiladi xabarda.

    Boshqa yangiliklar