Joriy yilning 9 aprel kuni Farg`ona viloyati IIB YHXB YPX inspektori Z.Abdullaev tomonidan Qo`shtepa tumani hududida "Damas" rusumli avtomobil to`xtatilib tekshirilganda, avtomobil oynasiga tevarak-atrofni ko`rishni cheklovchi vositalar o`rnatilganligi aniqlangan va haydovchi D.H.ga nisbatan tegishli tartibda ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, transport vositasi vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirilgan. Bu haqda IIV YHXBB Axborot xizmati xabar bermoqda.
Shundan so`ng, Qo`shtepa tumani IIB YHXG ma`muriy materiallarni ko`rib chiqish bo`yicha inspektori I.Sarkorovning yoniga o`zini "Usmonxon" - deb tanishtirgan fuqaro kelib, "Damas" rusumli avtomobil unga tegishli ekanligini aytib, haydovchi D.H.ga jarima qo`llamaslik va avtomobilni jarima maydonidan olib chiqish evaziga 100 (yuz) AQSh dollari miqdoridagi pulni pora tariqasida taklif qilgan.
YHXG inspektori I.Sarkorov viloyat IIB boshlig`i nomiga bildirgi orqali murojaat qilib, pora taklif qilayotgan fuqaroga nisbatan qonuniy chora ko`rishlikni so`ragan.
Xodimning bildirgisi asosida, 2021 yil 10 aprel kuni huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro U.D. YHXG inspektori I.Sarkorovning xizmat xonasida 100 (yuz) AQSh dollari miqdoridagi pulni pora tariqasida bergan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan tergovga qadar dastlabki surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.






