AsosiyJamiyat

Foizsiz kreditlar, qaytarilmaydigan pullar – yoshlarga 12 turdan ortiq imtiyozlar beriladi

'Foizsiz kreditlar, qaytarilmaydigan pullar – yoshlarga 12 turdan ortiq imtiyozlar beriladi'ning rasmi

Ayni paytda davom etayotgan Prezident videoselektori yig`ilishida yoshlar uchun ajratilayotgan mablag`lar va imtiyozlar haqida ma`lumotlar berildi.

Demak, 1 maydan boshlab:

  • agar korxona va kompaniyalar yoshlarni ishga qabul qilsa, korxonalarga ushbu xodimlar uchun to`langan ijtimoiy soliq qaytarib beriladi. Bu orqali joriy yilda kamida 700 ming yoshlarni ishga qabul qilgan tadbirkorlarni rag`batlantirish mexanizmi yaratiladi va tadbirkorlar ixtiyorida bir yilda 1 trillion  so`mdan ziyod mablag` qoladi. (Bunda Samarqand, Farg`onada – 110 milliard so`mdan, Andijon, Qashqadaryo, Surxondaryoda – 95 milliard so`mdan, Toshkent viloyatida – 80 milliard so`m, Namangan, Toshkent shahrida – 70 milliard so`mdan, Qoraqalpog`iston Respublikasi, Buxoroda – 65 milliard so`mdan, Xorazmda – 60 milliard so`m, Jizzax, Navoiyda – 40 milliard so`mdan, Sirdaryoda – 20 milliard so`m mablag` tadbirkorlar ixtiyorida qoladi.)
  • “Yoshlar daftari”ga kirgan 5 nafardan ortiq ishsizlar bandligini ta`minlagan tadbirkorlarga davlat mulki ijarasi uchun 50 foizgacha imtiyoz beriladi.
  • Hodimlari sonining kamida 70 foizi “yoshlar daftari”ga kirgan yosh tadbirkorlarga davlat mulki auksionsiz beriladi va ulardan 5 yil davomida ijara haqi undirilmaydi.
  • Yoshlarga tadbirkorlik faoliyatiga kerakli asbob-uskunalarni xarid qilish uchun 10 million so`mgacha subsidiyalar beriladi.
  • Ijaraga bino olib, o`z biznesini boshlayotgan yoshlarga, bir yillik ijara summasining 30 foizigacha qismi qoplab beriladi.
  • “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida sertifikat olgan yoshlarga kompyuterlar xaridi uchun “Mikrokreditbank”, “Aloqabank” va “Xalq banki” foizsiz kreditlar ajratadi.

Shuningdek, 1 iyundan boshlab “yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga:

  • haydovchilik guvohnomasiniolish, bir oylik harbiy xizmatni o`tash xarajatlari byudjetdan to`lab beriladi (mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga ham).
  • qiziqishidan kelib chiqib, xorijiy tillar va umumta`lim fanlari bo`yicha nodavlat ta`lim tashkilotlarida o`qish xarajatining bir qismi qoplanadi.
  • Korxona va kompaniyalarda amaliyot o`taganda, ularga 500 ming so`mgacha subsidiya ajratiladi.

Shuningdek, birinchi marta ishga kirgan kasb-hunar markazlari bitiruvchilari 6 oygacha daromad solig`ini to`lashdan ozod etiladi.

Shu bilan birga, 1 iyuldan boshlab xususiy korxonalarda yangi ish boshlagan xodimlarniqayta tayyorlash xarajatining 1 million so`mgacha bo`lgan qismiga subsidiya beriladi. 

Bundan tashqari, yoshlarning professional ta`lim maktablari, texnikumlarda o`qishi uchun to`lanadigan kontrakt summasi daromad solig`idan ozod qilinadi.

Ushbu maqsadlar uchun Moliya vazirligi Yoshlar agentligiga yil davomida qo`shimcha 100 milliard so`m ajratadi.

 

    Boshqa yangiliklar