Farg`ona shahar va Yashnobod tumanlarida haydovchilik guvohnomasini olib bermoqchi bo`lgan firibgarlar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Matbuot xizmati ma`lum qildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Farg`ona shahar bo`limi tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda, “A.I.” MChJga qarashli haydovchilar tayyorlash maktab o`rgatuvchisi J.T. fuqaro O.ning ishonchiga kirib, imtihon topshirmasdan “D” toifadagi haydovchilik guvohnomasini olib berish masalasini tanishlari orqali ijobiy hal qilib berish evaziga 550 AQSh dollarini olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Xuddi shunday, Departament hamda IIBning Yashnobod tuman bo`limlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro B.X. “A.S.” nodavlat ta`lim markazi o`qituvchisi M.P. bilan oldindan til biriktirib, fuqaro M.ning ishonchiga kirib, “V” toifasidagi haydovchilik guvohnomasini olib berish va YHXB imtihonlarini ijobiy hal qilib berish evaziga 350 AQSh dollarini firibgarlik yo`li bilan olgan vaqtda ashyoviy dalil bilan ushlanganlar.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28,211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.