Dunyoda onadek mehribon, kuyunchak va jonkuyar zot bo`lmasa kerak. Shuning uchun ham onalar sha`niga har qancha maqtov, har qancha ta`rif-tavsiflar aytsak, kamlik qilishi tabiiy. Xalqimiz ayolni kelajak yaratuvchilarining tarbiyachisi, mehribon ona, sadoqatli umr yo`ldoshi va jamiyatda o`z mavqeiga ega faol inson sifatida hurmat qiladi va e`zozlaydi. Lekin ba`zi ayollarning o`z sha`niga nomunosib tarzda jinoyatga qo`l urayotganligi achinarli bo`lsa ham, achchiq haqiqatdir...
Pul topishning eng oson yo`li...
Tengqurlari bilim olish bilan ovora bo`lgan bir paytda erta turmushga chiqqan Zilola Karimova (ism-shariflar o`zgartirilgan) yoshi yigirma to`rtga to`lganda ikki bolaning onasiga aylangan, kamiga turmushidan ajrashgan edi. U shunday jinoyatga qo`l urdiki, “Moddiy etishmovchilik tufayli shu yo`lga kirishga majbur bo`ldim”, deb o`zini oqladi. Hayot past-balandliklardan iborat, to`qchilik-yo`qchilik hammaning boshidan o`tishi mumkin. U boshqa ayollar kabi sabr qilishni, halol mehnat qilib, pul topishni istamadi. Bel og`ritmay pul topishning eng qulay yo`li, deb firibgarlikni kasb qildi.
Bechora ayol qiyofasiga kiradi
Zilola o`g`li Sarvarni etaklagancha ko`chaga chiqadi. U oldiga kelib to`xtagan mashina egasi Rajabov Kamoldan “Samarqand darvoza” mahallasiga olib borishni so`raydi. Yo`l kira narxini kelishib, yo`lovchi sifatida mashinaga o`tiradi. Mashina manzil tomon yo`l oladi. Chilonzor tumanidagi dorixonalardan biri oldida haydovchidan mashinani to`xtatishni iltimos qiladi. Bolasining mazasi bo`lmayotgani uchun dori olmoqchiligini aytadi. Keyin hamyonini kavlagan odam bo`lib, “Pulim uyda qolib ketibdi”, deb bechora, chorasiz ayol qiyofasiga kiradi. Rajabov Kamolning unga rahmi keladi, manzilga etganda qaytarish sharti bilan Zilolaga 170.000 so`m pul beradi. Zilola go`yoki dori olgan kishi bo`lib, dorixonaga kirib chiqadi. Haydovchi uni kutib turadi. Zilola unga bolasini enagaga tashlashi lozimligini aytadi va aytilgan manzilga etganda Rajabov Kamolning 10.000.000 so`mlik “iPhone XS MAX” rusumli uyali aloqa vositasini qo`ng`iroq qilish uchun olib, farzandini enagasining xonadoniga tashlab chiqish bahonasida avtomashinadan tushadi. Keyin esa ko`p qavatli uylar orasiga kirib, ko`zdan g`oyib bo`ladi. Aldangan haydovchi esa barmog`ini tishlab qolaveradi. Zilola Karimova o`zining bu qilmishi bilan Rajabov Kamolga jami 10.170.000 so`mlik zarar etkazadi.
Yana “Ov”ga chiqdi
Ishi xamirdan qil sug`urgandek oson bitib, mo`maygina pul topganidan ilhomlangan Zilola ertasi kuni o`g`lini etaklagancha, yana “ov”ga chiqadi. Uning bu safargi o`ljasi “MATIZ” rusumli avtomobil egasi Zafar Boboev bo`ladi. U Zafar Boboevni ham avvalgi “sxema” bo`yicha aldaydi. Faqat haydovchi bu safar unga dori olish uchun 200.000 so`m beradi. Yana bir kun oldingi holat takrorlanadi. Enagaga qo`ng`iroq qilish uchun haydovchining 100 AQSh dollarlik “RedMi 5” uyali aloqa vositasini olib, ko`p qavatli uylar orasiga kirib, voqea joyidan yashirinadi. U o`zining bu harakati bilan Zafar Boboevga jami 1.226.287 so`mlik moddiy zarar etkazadi. Mazkur holat keyingi kun ham takrorlanadi. Zilola “Neksiya-3” haydovchisi Komil Ro`zievning 50.000 so`m pulini va 2.500.000 so`mlik “RedMi Note 8 PRO” uyali aloqa vositasini qo`lga kiritib, voqea joyidan qochib ketadi va Komil Ro`zievga 2.650.000 so`mlik moddiy zarar etkazadi.
Jazo shartliga almashtirildi
Sud Zilola Karimovaga jazo tayinlashda uning ayolligini, oilaviy va mulkiy ahvolini, qaramog`ida ikki nafar voyaga etmagan farzandlari borligini, muqaddam sudlanmaganligini, jabrlanuvchilarga etkazilgan zararni to`liq qoplaganligini, jabrlanuvchilarning unga nisbatan da`vosi yo`qligini hisobga olib, JKning 168-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan JKning 57-moddasini qo`llab, 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. Zilola Karimovaga nisbatan JKning 72-moddasi qo`llanilib, tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi shartliga almashtirildi va 1 yil sinov muddati belgilandi.
Dilshod Kamilov, jinoyat ishlari bo`yicha Uchtepa tuman sudi raisi,
Lola Shoimova, jurnalist






