Ijtimoiy tarmoqlarda Qo`qon shahri hududidagi Yangi bozorda, bozor shartnoma narxlaridan norozi ayollar yo`lni to`sgani bilan bog`liq tarqalgan xabarlar yuzasidan viloyat hokimining birinchi o`rinbosari Avaz O`rinboev tomonidan quyidagilar rasmiy ma`lum qilinadi:
“O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2010 yil 26 apreldagi “Dehqon bozorlari va savdo komplekslari faoliyatini tashkil qilishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi PQ-1326-sonli qarorining 4-bandida Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida bozorlar va savdo komplekslarining ma`muriyati tomonidan undirib olinadigan bir martalik yig`imlar, ijara to`lovi va ko`rsatiladigan xizmatlar qiymati miqdorlarini har yili tasdiqlab borilishi belgilangan.
2020 yilda koronovirus pandemiyasi davrida yuzaga kelgan iqtisodiy beqarorlikni hisobga olgan holda, bozorlar va savdo komplekslarida bir martalik yig`imlar, ijara to`lovi va ko`rsatiladigan xizmatlar qiymati miqdorlari oshirilmagan edi.
Viloyat moliya bosh boshqarmasi va davlat soliq boshqarmasining qo`shma taklifini inobatga olgan holda 2021 yil 1 apreldan Farg`ona viloyatidagi bozorlar va savdo komplekslarida bir martalik yig`imlar, ijara to`lovi va ko`rsatiladigan xizmatlar qiymati miqdorlarining yangi stavkasi tasdiqlangandi.
Yangi stavkalar (bir martalik yig`imlar, ijara to`lovi va ko`rsatiladigan xizmatlar qiymati) bozorlar va savdo komplekslarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub`ektlarining e`tirozlariga sabab bo`ldi.
Shunga ko`ra, viloyat hokimligi tomonidan ushbu e`tirozlarni o`rganish maqsadida maxsus ishchi guruh tuzilib, holat to`liq o`rganib chiqildi. O`rganish natijasiga ko`ra, bozorlar va savdo komplekslarida bir martalik yig`imlar, ijara to`lovi va ko`rsatiladigan xizmatlar qiymati miqdorlarini oshirish bo`yicha viloyat moliya bosh boshqarmasi va davlat soliq boshqarmasi tomonidan kiritilgan qo`shma taklifning asoslantirilmaganligi, yig`imlar, ijara to`lovlari va xizmatlar miqdorlari uchun belgilangan yangi stavkalar tadbirkorlar uchun maqbul emasligi va bu tadbirkorlarning haqli e`tirozlariga sabab bo`lganligi ma`lum bo`ldi.
O`rganish natijalaridan kelib chiqib, 2021 yil 1 aprelda tasdiqlangan bozorlar va savdo komplekslarida bir martalik yig`imlar, ijara to`lovi va ko`rsatiladigan xizmatlar qiymati miqdorlariga tegishli o`zgartirishlar kiritish, ularni keskin pasaytirish bo`yicha tegishli qaror qabul qilindi.”






