AsosiyJamiyat

Andijonda tadbirkorlik sub`ekti vakillari bilan dolzarb masalalar muhokama etildi

'Andijonda tadbirkorlik sub`ekti vakillari bilan dolzarb masalalar muhokama etildi'ning rasmi

O`zbekiston Prezidenti tomonidan qabul qilinayotgan Farmon va qarorlarning mazmun-mohiyati, tadbirkorlik sub`ektlarini qo`llab-quvvatlash bo`yicha amalga oshirilayotgan islohotlar ahamiyatini to`liq va to`g`ri holda targ`ib qilish, eksportda yuzaga kelgan muddati o`tgan debitor qarzdorliklarni shakillanishidagi xuquqbuzarliklar va ularni oldini olish hamda bunday salbiy holatlarga chek qo`yishnikeng jamoatchilik, xususan, tadbirkorlik sub`ektlariga etkazish bo`yicha bojxona organlari tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Andijon viloyati bojxona boshqarmasida viloyat prokuraturasi bilan hamkorlikda viloyatda faoliyat ko`rsatuvchi tadbirkorlik sub`ektlari vakillari bilan “Eksportda yuzaga kelgan muddati o`tgan debitor qarzdorliklarni tez fursatlarda bartaraf qilish choralarini ko`rish” masalalariga bag`ishlangan navbatdagi seminar uchrashuvi o`tkazildi.

Seminar davomida boshqarma boshlig`i Erkinjon Rayxonov tadbirkorlik sub`ektlari raxbarlariga o`zlarining qimmatli bo`lgan vaqtlarini ajratib kelganliklari uchun minnatdorchilik bildirib, mamlakatimizda tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida berilayotgan keng imkoniyatlardan tadbirkorlar foydalanishda berilgan ishonchni suiste`mol qilish xolatlari ko`plab uchrayotganligiga alohida to`xtalib o`tdi.

Yaratib berilayotgan bunday imkoniyatlar bir tomondan eksportga amaliy yordam berilayotganligini ko`rsatsada, boshqa tomondan ayrim tadbirkorlik sub`ektlari tomonidan eksport qilingan tovarlar uchun o`z vaqtida valyuta mablag`lari kelib tushishini ta`minlamaganligi hisobiga muddati o`tgan debitor qarzorliklar oshib borishiga sabab bo`layotganligi ayni haqiqat.

Raqamlarga murojaat qilinganida Andijon viloyatida ro`yxatdan o`tgan 67 ta tadbirkorlik subektlarning 113 ta eksport shartnomalari asosida yuzaga kelgan muddati o`tgan debitor qarzdorliklari 2021 yil 10 aprel holatiga 62,2 mln. dollarni tashkil etmoqda.

Hududiy korxonalar qarzdorliklarining 75 % yoki 49,1 mln. dollarga teng qismi meva-sabzavotlarga to`g`ri keladi.

Seminar davomida so`z olgan boshqarma boshlig`ining birinchi o`rinbosari Abduvohid Rahmonov, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tashqi savdo faoliyatini yanada erkinlashtirish va tadbirkorlik sub`ektlarini qo`llab-quvvatlash chora-tadbirlari to`g`risida”gi                          PQ-3351-sonli qarorining birinchi bandida Tashqi savdo operasiyalari bo`yicha muddati o`tkazib yuborilgan debitor qarzdorlik hosil bo`lganligi uchun bevosita tadbirkorlik sub`ektlari qonun oldida javob berishlari haqida yana bir bor eslatib o`tdi. 

Shuningdek, Tashqi savdo operasiyalarini monitoring qilish va bojxona statistikasi bo`limi tomonidan joriy yilning o`tgan choragi mobaynida viloyatimizdagi TIF bojxona postlari orqali jami 3585 ta bojxona yuk deklarasiyalari “Eksport” bojxona rejimiga rasmiylashtirilganligi, shulardan 1089 tasi  yoki 30,3 % “qizil” yo`lak tartibida bojxona rasmiylashtiruvidan o`tkazilgan bo`lsa, qolgan 2496 tasi yoki jami eksportning deyarli 70%  bojxona nazorati engillashtirilgan  tartibda hamda bojxona ko`rigi o`tkazilmagan holda rasmiylashtiruvdan o`tkazilganligi va yana bir qator ko`satkichlar bo`yicha tahliliy ma`lumotlarni o`qib eshittirdilar.

Seminar yakunida bir necha tadbirkorlik sub`ektlari rahbarlari hamda ularning ishonchli vakillari yuzaga kelayotgan debitor qarzdorliklarni tez fursatlarida bartaraf etish choralarini ko`rishlarini bildirdilar.

 

Andijon viloyati bojxona boshqarmasi

Axborot xizmati

    Boshqa yangiliklar