AsosiyJamiyat

OAVdagi materiallarni gender ekspertizadan o`tkazish masalalari muhokama qilindi

'OAVdagi materiallarni gender ekspertizadan o`tkazish masalalari muhokama qilindi'ning rasmi

Bugun, 15 aprel kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo`mitasi tomonidan “Ommaviy axborot vositalarida berilayotgan media mahsulotlarni gender ekspertizadan o`tkazish masalalari: qonunchilik va amaliyot” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati ma`lum qildi.

Xabarga ko`ra, tadbirda Adliya vazirligi, Inson huquqlari bo`yicha Milliy markazi, “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti hamda boshqa bir qator mutasaddi tashkilotlardan mas`ul vakillar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Ma`lumki, Hukumatning tegishli qarori bilan Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini gender-huquqiy ekspertizadan o`tkazish tartibi to`g`risida nizom tasdiqlangan. Unga muvofiq, gender tengsizlikni ommaviy axborot vositalari, ta`lim, madaniyat orqali targ`ib etishga jins bo`yicha bilvosita kamsitish sifatida baho berilgan va muayyan jinsdagi shaxslar uchun salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin bo`lgan shart-sharoitlar yoxud talablarni yuzaga keltiradi. Davra suhbatida aynan shu jihatlarga chuqur e`tibor qaratgan holda bugungi kunda ommaviy axborot vositalarida berilayotgan media mahsulotlarni gender ekspertizadan o`tkazish bo`yicha jamoatchilik vakillari tomonidan bildirilgan takliflar ekspertlari ishtirokida muhokama qilindi.

Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo`mitasi raisi Madika Kadirxanova hozirda butun dunyoda bo`lgani kabi milliy taraqqiyotimizning yangi bosqichida fuqarolarimizning gender madaniyatini shakllantirish va xotin-qizlar kamsitilishining barcha ko`rinishlariga barham berishda, ularni jamiyatning faol a`zosiga aylanishida ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, internet va ijtimoiy tarmoqlar nafaqat axborot manbai va aloqa vositasi sifatida, balki jamoatchilik fikrini shakllantiruvchi eng asosiy omil sifatida ham muhim rol o`ynayotganligini ta`kidladi.  

Davra suhbati ishtirokchilari tomonidan o`zaro fikr almashish jarayonida aynan matbuot va jurnalistlar jamiyatimiz yuksalishi jarayonida xotin-qizlarning ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va madaniy jabhada amalga oshirayotgan ishlarini keng yoritishda, jamiyatda o`z munosib o`rinlarini egallashida jonbozlik ko`rsatishlari davr talabiga aylanganligi, shu bois, milliy bosma va internet nashrlarida xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish masalalari yoritilishining me`yor, tamoyil, tendensiya, shakl va usullarini ilmiy-nazariy jihatdan tadqiq etish dolzarb ilmiy muammoga aylanganlagiga urg`u berildi.

Tadbir davomida, ommaviy axborot vositalarida gender tengligi va gender siyosati kabi mavzularda ham qizg`in suhbat olib borildi. Jumladan, O`zbekistonda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini o`rganish, uni yoritishda ixtisoslashgan nashrlarning asosiy tamoyillari va vazifalarini belgilab olish, matbuotda xotin-qizlarning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlaridagi faoliyatining yoritilishi xususiyatlarini tadqiq etish, matbuotda Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to`g`risida Konvensiyasining O`zbekistonda ijrosini o`rganish, bosma va onlayn nashrlarning xotin-qizlar o`rtasida tadbirkorlikni rivojlantirishga ta`sirini tahlil qilish, shu mavzuga oid materiallar tili va uslubining o`ziga xosligini o`rganish, matbuotda ayollar obrazini yaratishdagi kamchiliklarni aniqlash va bartaraf etish yo`llarini izlash borasida fikrlar bildirildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan xotin-qizlar mavzusini yoritishda jurnalist mahorati va axloqiy jihatlarining ahamiyatini ko`rsatish, ayollarning har jabhadagi mavqeini mustahkamlash, davlat va jamiyat yuksalishidagi rolini oshirishga qaratilgan matbuot faoliyatini takomillashtirish bo`yicha ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqishga kelishib olindi.

 

    Boshqa yangiliklar