2021 yilning 5 aprel kuni soat 21:00 larda 25 yoshli G`.Ilhom, 24 yoshli Q.Akmal va 22 yoshli E.Jahongirlar Namangan viloyati, Mingbuloq tumani “Kichik Jomasho`y” mahallasida joylashgan “Vodiy” oshxonasida o`zlariga xizmat ko`rsatayotgan 19 yoshli Y.Gulmiraga shilqimlik qilishadi. Qizning sochidan ushlab tortganlarida ularni tinchlantirmoqchi bo`lgan 31 yoshli B.Zokirjonni urib do`pposlaganlar va ularni ajratmoqchi bo`lgan 46 yoshli N.Adhamjon va 27 yoshli S.Burgutalilarni ham urib, S.Burgutalining son qismiga pichoq bilan jarohat etkazishgan.
IIV huzuridagi Tergov departamenti bergan ma`lumotga ko`ra, Sud tibbiy ekspertiza xulosasida B.Zokirjon va N.Adhamjonlar “engil” hamda S.Burgutali “o`rtacha og`ir” tan jarohatlari olganliklari ko`rsatilgan.
Mazkur holat yuzasidan Mingbuloq tuman IIB huzuridagi Tergov bo`limi tomonidan G`.Ilhom, Q.Akmal va E.Jahongirlarga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “a,g” bandlari (Bezorilik) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, prosessual tartibda ushlanganlar.
Tergov harakatlari jarayonida, G`.Ilhom, Q.Akmal va E.Jahongirlar ushbu umumiy ovqatlanish oshxonasida ofisiant bo`lib ishlovchi Y.Gulmirani ular bilan birgalikda bir stolda o`tirib ovqatlanishga majburlab, turli uyatli xatti-harakatlar sodir etganliklari sababli ushbu jinoyat kelib chiqqanligi aniqlangan.
Hozirda tergov davom etmoqda.






