Toshkent shahrida joylashgan “O`zbekiston” sport majmuasida og`ir atletika bo`yicha kattalar o`rtasida Osiyo chempionatiga start berildi. Bu haqda O`zbekiston Turizm va sportni riaojlantirish vazirligi xabar berdi.
Erkaklar o`rtasida -55 kg vazn toifasida Vatanimiz sharafini himoya qilgan Og`abek Nafasov dast ko`tarish mashqida kumush medalga sazovor bo`ldi. Iste`dodli atletimiz avvaliga 104 kg, keyin esa 108 kg toshni ko`tardi. Ammo, uchinchi urinishda 111 kg toshni o`ziga bo`ysundira olmadi. Shunday bo`lsa-da, terma jamoamiz vakili yakunda 2-o`rinni egalladi.
Uchala imkoniyatidan unumli foydalangan qozog`istonlik Chontay Arli 115 kg natija bilan 1-o`rinni egallagan bo`lsa, kuchli uchlikka 108 kg natija qayd etgan yana bir qozog`istonlik sportchi Ablay Auleyxanov yakun yasab berdi.
Siltab ko`tarish mashqida ham Og`abekning uchinchi urinishi omadsiz chiqdi va hamyurtimiz o`z chiqishini 132 kg natija bilan yakunladi. Biroq, bu natija uning sovrindorlar safidan joy olishiga kamlik qildi. Siltab ko`tarishda ham Qozog`iston vakili Chontay Arli yana tengsiz ekanligini isbotladi, u 140 kg natija qayd etdi. 2-o`rinni 137 kg natija bilan Shri-Lanka vakili Dilanka Isuru Kumara qo`lga kiritdi. Ablay Auleyxanov ushbu yo`nalishda ham bronza medaliga sazovor bo`ldi, u 136 kg natija qayd etdi.
Og`ir atletika bo`yicha Osiyo chempionati
-55 kg, erkaklar
1. Chontay Arli – 255 kg (115 kg – dast ko`tarish, 140 kg – siltab ko`tarish);
2. Ablay Auleyxanov – 244 kg (108, 136);
3. Dilanka Isuru Kumara – 241 kg (104, 137).