Rossiya Federasiyasining “ANTEK” kompaniyasiga ishga jalb qilingan fuqarolar haqida ijtimoiy tarmoqlarda turli xabarlar tarqalmoqda.
Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi holat o`rganilgani yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
“ANTEK” qurilish kompaniyasida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun jalb qilingan O`zbekiston fuqarolari bilan bog`liq holat yuzasidan quyidagilar ma`lum qilindi:
"Vaziyatni o`rganish maqsadida Tashqi mehnat migrasiyasi agentligining Moskva shahridagi vakolatxonasi rahbari S.Mansurov, O`zbekiston Respublikasining Rossiya Federasiyasidagi elchixonasi maslahatchisi A.Ziyamuxamedovlar voqea joyiga bordi, fuqarolar va mas`ul shaxslar bilan uchrashib, hamyurtlarimizning yashash va ishlash sharoitlari bilan tanishdi.
O`rganish jarayonida quyidagilar ma`lum bo`ldi:
- fuqarolarning karantin sharoitida bo`lish davri cho`zilib ketgan. Rossiya Federasiyasi iste`molchilar huquqlarini himoya qilish va inson farovonligini nazorat qilish bo`yicha federal xizmati (Rospotrebnadzor) tomonidan o`tkazilgan tekshirishlar natijasida ayrim fuqarolarda koronavirus infeksiyasi aniqlangani sababli ular ikki oyga yaqin vaqt davomida karantin hududida bo`lib turibdi;
- ish beruvchi tashkilotlar xodimlari tomonidan ishchilarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari olib qo`yilgan.
Natijada, karantin hududida bo`lib turgan fuqarolarda ishlash huquqini beruvchi patentni rasmiylashtirish uchun vakolatli organlarga murojaat qilish muddatining o`tib ketayotgani va rasmiylashtirilgan patent uchun to`lovlarning amalga oshirilmayotgani sababli bekor bo`lishi kabi xavotirlar paydo bo`lgan.
Shuningdek, fuqarolar uchun ovqat tashkil etish bilan bog`liq hamda yotoqxona xavfsizligi xodimlari bilan muammolar yuzaga kelgan.
Ayni paytda ushbu vaziyat nazoratga olingan bo`lib, yuqoridagi muammolarni bartaraf etish, xususan, pasportlarni fuqarolarga qaytarish, qurilish ob`ektlarida ish boshlash jarayonini tezlashtirish, ularning yashash va ishlash sharoitlarini yaxshilash bo`yicha «ANTEK» MChJ rahbariyati bilan muzokaralar olib borilmoqda.






