“Geologiya sohasiga investisiyalarni faol jalb etish, tarmoq korxonalarini transformasiya qilish va respublika mineral-xomashyo bazasini kengaytirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Prezident qarori (PQ–5083-son, 21.04.2021 y.) qabul qilindi. Bu =ada Adliya vaziriligi ma`lum qildi.
Qarorga ko`ra, geologiya-qidiruv ishlari bo`yicha xizmat ko`rsatuvchi alohida yuridik shaxs maqomiga ega bo`lgan, “Qizilqumgeologiya” AJ, “Samarqandgeologiya” AJ, “Surxongeologiya” AJ, “Hisorgeologiya” AJ, “Toshkentgeologiya” AJ, “Markaziy laboratoriya” DUK va “Geoburtexnika” DUKlarni birlashtirish yo`li bilan ular negizida “O`zbek geologiya qidiruv” AJ tashkil etildi.
Hududlarda geologiya-qidiruv ishlarini jadal amalga oshirish orqali respublika mineral-xom ashyo bazasi rivojlantirilishini ta`minlash Aksiyadorlik jamiyatining asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.
Qaror bilan “Davlat geologiya qo`mitasi tizimida faoliyat yuritayotgan korxonalarni isloh qilish, sohaning investisiyaviy jozibadorligini oshirish va raqamlashtirishni keng joriy qilish bo`yicha “yo`l xaritasi” tasdiqlandi.
“Yo`l xaritasi”da, jumladan, quyidagilar nazarda tutilgan:
- joriy yilda 50 ta kon va istiqbolli maydonlarni mahalliy va xorijiy investorlarga ochiq va shaffof mexanizmlar asosida foydalanishga berish;
- “Er osti boyliklari to`g`risida”gi Qonunni yangi tahrirda ishlab chiqish;
- geologiya sohasida olib borilayotgan 57 ta ilmiy tadqiqot (tajriba-uslubiy, fundamental, amaliy va innovasion) loyihalarini amalga oshirish.
Qarorga ko`ra, davlat geologiya qo`mitasining yangi tashkiliy tuzilmasi tasdiqlandi.
2022 yildan boshlab er qa`ridan foydalanuvchilar har yili 1 fevralga qadar geologiya qidiruv ishlari va foydali qazilma zaxiralarini ko`paytirishning o`tgan yilda erishilgan natijalari hamda joriy yilga rejalashtirilgan hajmi bo`yicha tegishli ma`lumotlarni Davlat geologiya qo`mitasiga taqdim etilishi talab etiladi.
Shuningdek, qarorga ko`ra:
- geologik jihatdan kam o`rganilgan er qa`ri uchastkalarini xalqaro standartlar asosida bloklar (maydonlar)ga ajratish tizimi joriy etiladi;
- kam o`rganilgan er qa`ri uchastkalaridan geologik jihatdan o`rganish uchun foydalanish huquqini beradigan ruxsatnomalar “birinchi kelgan birinchi oladi” prinsipi asosida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali onlayn tarzda beriladi;
- o`rganilganlik darajasi va kon ochish salohiyati yuqori bo`lgan maydonlardan foydalanish huquqini beradigan ruxsatnomalar “E-AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasida o`tkaziladigan auksion natijalariga ko`ra beriladi.