AsosiyJamiyat

55-Xalqaro Mendeleev olimpiadasida qatnashgan 7 nafar o`zbekistonlik o`quvchilarning barchasi medal sohibi bo`ldi

'55-Xalqaro Mendeleev olimpiadasida qatnashgan 7 nafar o`zbekistonlik o`quvchilarning barchasi medal sohibi bo`ldi'ning rasmi

2021 yil 20-26 aprel kunlari 28 ta davlat o`quvchilari o`rtasida 55-Xalqaro Mendeleev kimyo olimpiadasi onlayn tarzda o`tkazildi. O`zbekiston sharafini mazkur olimpiadada 7 nafar o`quvchi himoya qilib, 7 nafari ham medal sohibi bo`ldi. Bu haqda Xalq ta`limi vazirligi xabar berdi.

Olimpiadada Avstriya, Xitoy, Turkiya, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Isroil, Xorvatiya, Vengriya va boshqa mamlakat jamoalari bilan birga mamlakatimiz terma jamoasi ham ishtirok etdi. Xalqaro olimpiada Xalq ta`limi vazirligining Fan olimpiadalari bo`yicha iqtidorli o`quvchilar bilan ishlash departamenti tomonidan Toshkent shahri Yunusobod tumani 9-Axborot texnologiyalarga ixtisoslashtirilgan maktabda o`tkazildi va jarayonlar tashkiliy qo`mita tomonidan jami 17 ta vebkamera va mikrofonlar orqali kuzatib borildi.

Xalqaro olimpiada ikkita nazariya turda o`tkazildi. Ilk bosqichda barcha ishtirokchilar 8 ta majburiy masala ishlagan bo`lsa (jami 80 ball), ikkinchi bosqichda kimyo fanining 5 bo`limiga oid 15 masaladan ixtiyoriy 5 tasini ishlash talab qilindi (jami 75 ball). Ikki bosqich natijalariga ko`ra g`olib o`quvchilar aniqlandi.

Yakuniy natijalarga ko`ra vatanimiz sharafini himoya qilgan o`quvchilarimiz 1 ta oltin, 4 ta kumush va 2 ta bronza medallari bilan taqdirlandi.

O`tgan yilgi 54-Xalqaro Mendeleev kimyo olimpiadasida O`zbekiston terma jamoasi 1 ta oltin va 5 ta bronza medalini qo`lga kiritgan edi.

G`olib ishtirokchilarga diplomlar va medallar hamda sovg`a qilinadigan kitoblar tashkiliy qo`mita tomonidan pochta orqali jo`natiladi.

Ma`lumot uchun: Bugungi kungacha O`zbekiston terma jamoasining hisobida 7 ta oltin, 20 ta kumush va 51 ta bronza medallari mavjud.

Boshqa yangiliklar