AsosiyJamiyat

#Ramazon-2021. Eng afzal sadaqa qaysi?

'#Ramazon-2021. Eng afzal sadaqa qaysi?'ning rasmi

Eng G`aniy zot bo`lgan Alloh taologa hamd va sanolar bo`lsin. “Solih kishi uchun solih mol-davlat qanday ham yaxshi” deb marhamat qilgan muallim Rasulimizga salovat va salomlar bo`lsin.

Bir davr yoki makon sharafli bo`lsa, unga tobe bo`lib, undagi solih amallar ham sharafli bo`ladi. Makkai mukarram-da qilingan ibodat boshqa joylarnikidan afzal bo`lgani, Juma kunida silai rahm aloqalarini qilish fazilatlar sanalgani kabi. Shu jumladan, muazzam Ramazon oyi ham. Uning yuksak fazilati sabab, unda bajariladigan xayriyat, ehson, Qur`on tilovati, tunda qoim bo`lish kabi ibodatlarning ham Rabbimiz nazdida qiymati oshadi. Ushbu muborak oyda berilgan zakot va nafl sadaqalarning ham alohida xislati borligiga quyidagi hadislar dalolat qiladi:

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Eng afzal sadaqa Ramazonda qilingan sadaqadir”.

Imom Ahmad va “Sunan” sohiblarining ba`zilaridan qilingan rivoyatda: “Kim bir ro`zadorga iftorlik bersa, u uchun u(ro`zador)ning ajridan hech narsa kamaymagan holatda bo`ladi (yoziladi)”, deganlar.

Albatta, iftorlik deganda faqatgina uyiga odamlarni yig`ib, ularga taom ulashishnigina tushunmasligimiz zarur. Ro`zador yaqinlarimiz, yoru birodar qo`shnilarimiz uylariga biror egulik jo`natsak yoki chiqarsak ham, inshaalloh, mana shu hadisga doxil bo`lamiz.

O`zaro aloqalar tiklanadigan mana shunday mavsumda hamsoyalarimiz bilan mustahkam aloqalar o`rnatib olsak, yil bo`yi hamjihatlik va totuvlikda yashashimiz garovi bo`ladi.

Taom ulashishning fazli to`g`risida Aliy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam marhamat qiladilar: “Albatta, Jannatda shunday boloxonalar borki, tashqarilaridan ichlari, ichlaridan tashqarilari ko`rinur”. U(sahoba)lar: “Kimlar uchun?” deyishdi. U zot: “Kalomni go`zal qilgan, taom ulashgan, ro`zada bardavom bo`lgan va odamlar uyqudan bo`lgan payt namoz o`qigan uchun”, dedilar.

Hadis ulamolari bu mukofot shu amallarning barchasini qilgan odamga berilishini aytishgan. Mulohaza qilib ko`rsak, bu ishlarning barchasini Ramazon oyida bajarishning imkoni bor ekan. Ahli oilamiz va atrofimizdagilarga shirinzabon bo`lsak, saxiylik ila taom edirsak, tunda boshqalar dam olayotganda turib, tahajjud va taroveh namozini o`qisak kifoya. Va`da qilingan mukofotga Allohning inoyati ila erishamiz.

Abu Bakr Jobir Jazoiriy aytadi: “Ramazon oyida sadaqaning ajri buyukligiga hadislarda vorid bo`lgandek iymon keltirgan mo`minlar oy boshida o`z qishloqlari yo mahallalarining masjidida jamlanib, mahalladagi faqirlarning adadini hisoblab,  qishloq ahliga bitta bitta yoki ikkita ikkita qilib biriktirib berilib, ularning saharlik va iftorliklari yoki iftorlarining o`zini o`shalar hisobiga yuklab qo`yilsa, juda yaxshi tadbir bo`lar, o`zlari uchun ko`p xayriyatlarni jalb qilib, Nabiylarining ko`rsatmalariga amal qilgan bo`lishar edi. Shu ishni biz avvalgilardan bo`lib, darslarimizga keladigan tolibi ilm do`stlarimiz yordamida amalga oshirdik. Juda muvaffaqiyatli ish bo`ldi. Qalblarda katta ta`sir qoldirdi. Alhamdulillah.

Mahalladagi yoshi katta, so`zi o`tadigan nuroniylarimiz ham shu kabi tadbirlarga bosh bo`lishsa, yanada ko`p go`zal ishlar amalga oshar ekan. Ham bir inson o`z qo`shnisiga iftorlik payti taom eltsa jamiyatda och ro`zador qolmaydi deb o`ylaymiz.

Salmon Forsiy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam  aytdilar: “Kim bir ro`zadorga taom va sharob ila haloldan iftorlik qilsa, unga farishtalar Ramazon oyi soatlarida salovat aytadilar va Qadr kechasida unga Jabroil salovat aytadi”.

Faqir va miskinlarning ta`minoti boshqa paytlarda ham lozim bo`lsada, bu mavsumda yanada ta`kidliroq bo`ladi. Insoniy tuyg`ularning o`zi ham ularga yaxshilik qilishga undaganda, musulmon inson bu solih amalni qilishga eng ko`p haqlidir. O`zining saodatini ularning saodatida ko`rishi kerak. Faqirlar faqat ko`chalarda tilanib yuradiganlar deb o`ylamaylik. Haqirgina kasbning ortidan kun kechirayotganlar qancha. Boquvchisini yo`qotgan bevalar qancha.

Keling ularning kunlaridan ham xabar olib, Ramazon oyining barcha uchun quvonch va sevinch oyi bo`lishi sari qadam tashlaylik!

Alloh taolo mana oyda qilinadigan barcha ibodatlarimiz, xususan, xayru sadaqalarimiz, ehsonlarimizni qabul aylasin. Ularni Qiyomat kunida soyabon qilsin!

 

Hadis ilmi maktabi talabasi

Parpiev Saidmahmud

    Boshqa yangiliklar